Amerikaning Illinoys shtatida yashovchi ayolga 75 yil avval yo‘qolgan hamyoni qaytarildi. “Korresporndent.net”ning yozishicha, bu haqda cherkov xizmatchisi Set Balsell o‘zining Facebook’dagi sahifasida ma’lum qilgan.

Foto: Facebook

Sentraliya shahridagi cherkov ishchilari hududdagi eski maktab binosini tekshirish vaqtida maxfiy joy borligini aniqlagan. Unda 1940-yil o‘rtalarida o‘g‘irlangan deb taxmin qilinayotgan 15 ta hamyon topilgan.

Cherkov xizmatchisi Set Balsell topilmani suratga olib, tarmoqda joylagan. Oradan bir qancha vaqt o‘tib joylangan surat mashhur bo‘lib ketgan va unga Betti Jun ismli 89 yoshli ayol murojaat qilib, hamyonlardan biri uniki ekanligini aytgan. Ayol, o‘g‘ri hamyondagi pullarni o‘g‘irlagan bo‘lsa ham, undagi esdalik suratni qoldirgani uchun topilmadan xursand ekanligini bildirgan.

Balsellning aytishicha, hamyonning yana beshta egasi u bilan bog‘langan. Qayd etilishicha, u barcha hamyonlarning barcha egalarini topish niyatida.

Avvalroq Avstraliyada 40 yil avval yo‘qolgan hamyon topilib, yendi uning egasi qidirilayotgani haqida xabar berilgan edi.