O‘zbekistonda energiya resurslari tariflarida katta o‘zgarishlar bo‘lmaydi. Bu haqda energetika vaziri Alisher Sultonovga tayanib, “Gazeta.uz” xabar berdi.

Foto: “Gazeta.uz”

Uning so‘zlariga ko‘ra, Prezident Shavkat Mirziyoyevning aholiga og‘irlik tushmasligini inobatga olish zarurligi bo‘yicha qat’iy topshiriqlaridan kelib chiqib, bunda ichki imkoniyatlarni to‘liq ishga solish, xarajatlarni kamaytirish va yo‘qotishlarning oldini olish evaziga ishlab chiqarilayotgan mahsulot tannarxini arzonlashtirish masalasi hal etilmoqda.

“Bu esa adolatli tarif siyosatini ishlab chiqishda katta imkoniyatdir. Shu bois, ishlab chiqilayotgan tariflarda katta o‘zgarishlar bo‘lmaydi. Faqat bu inflyatsiya darajasida bo‘ladi”, — dedi vazir.

Alisher Sultonov yetkazilib berilayotgan energiya, gazni qadrlash, tejashga ko‘nikma hosil qildirish lozimligini ta’kidladi. “Masalan, suvni olaylik, oqib turgan suvni o‘chirishni o‘rganishimiz va uning ortidan qancha elektr energiyasi, mehnat ketayotganini har birimiz anglashimiz zarur”, — dedi vazir.

Energetka vaziri elektron hisoblagichlar to‘liq o‘rnatilganidan so‘ng amaliyotga ijtimoiy norma va tarifni to‘liq kiritish masalasini ko‘rib chiqish mumkinligini ta’kidladi.

“Mamlakatimizda salkam 7,5 million abonent bor. 2020-yil yakuni bilan yurtimizdagi barcha iste’molchiga elektr hisoblagichlar o‘rnatiladi. Ana o‘shanda hisob-kitob ham to‘g‘ri bo‘ladi”, — dedi Alisher Sultonov.

Vazir tabiiy gaz bo‘yicha 3,5 million abonent mavjudligi, ular uchun onlayn hisoblagichlarni o‘zimizda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalari to‘g‘risida ma’lum qildi. Oyiga 300 mingta xonadonga hisoblagichlarni o‘rnatish ham ko‘zda tutilgan.

Iste’molchilarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida so‘zlar ekan, Alisher Sultonov ishlab chiqilayotgan qarorda birinchi o‘rinda xalq manfaati, aholining ijtimoiy ahvoli, to‘lov qobiliyati inobatga olinishini qayd etdi.

“Tariflar chiqqanda ko‘rasizlar, bu aholiga katta og‘irlik bo‘lmaydi. Faqat ishlab chiqaruvchilar tomonidan spekulyatsiya bo‘lishi mumkin. Tadbirkorlar tarif oshdi, endi bu tayyorlanayotgan mahsulot tannarxiga ta’sir qiladi, degan xayolga borish ehtimoli bor”, — dedi u.

Ammo shu tannarx ichida energiya resurslarining ulushi qanchaligini aniqlab olish kerak, deb hisoblaydi vazir. “Bunday tushunmovchiliklarning oldini olishda esa jamoatchilik nazorati zarur bo‘ladi. Axir, o‘ylang, tarif biroz oshsa, u shu darajada ishlab chiqarishga ta’sir qilishi yoki narx-navo ikki barobar oshib ketishi mumkinmi? Bu esa mohiyatni yaxshi anglab olmaslik bilan bog‘liq”.

Alisher Sultonov hududlardagi issiqlik elektr stansiyalarining asosiy qismi eskirganiga ham e’tibor qaratdi. “Ularda yonilg‘i sarfi yuqori. Bu o‘z-o‘zidan modernizatsiya va katta mablag‘ni talab etadi. Hammasi ravshanki, hali qishloqlarda bu jarayon bo‘yicha to‘liq ishlar qilindi, deyish noto‘g‘ri bo‘ladi. Chunki bu o‘z-o‘zidan hali ko‘p ishlar qilishimizni ko‘rsatmoqda”, — dedi vazir.

Joriy yilda To‘raqo‘rg‘on, Taxiatosh, Navoiy issiqlik elektr stansiyalarining yangi bloklari ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Mamlakatda birinchi bor davlat-xususiy sheriklik asosida Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida elektr stansiyalari qurilmoqda va unda Turkiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirok etmoqda.