“Manchester Siti”ning joriy yil yozgi transferlar vaqtidagi ilk xaridi Rodrigo Ernandes bo‘ldi. “Shaharliklar” qisqa qilib aytganda — Rodri uchun Madridning “Atletiko” klubiga 62,8 million funt to‘ladi. Ta’kidlash lozim, Madrid klubi tarbiyalanuvchisi bo‘lgan Rodri 2018-yil yoziga kelibgina “Atletiko” safiga qaytgandi. Uning bir yil ichida katta o‘sishga erishgani esa katta klublarni bee’tibor qoldirmadi.

Foto: Getty Images

“Siti” Rodriga qiziqish bildirgan yagona grand jamoa emasdi. Jumladan, “Bavariya” 22 yoshli ispaniyalik xavbekni o‘z safiga qo‘shib olishga jiddiy harakat qildi, biroq Pep Gvardiolaning sobiq jamoasi buning ustidan chiqa olmadi.

“Manchester Siti” nima uchun Rodrini tanladi?

Pep Gvardiola “Manchester Siti” (2016-yil) boshqaruviga kelgach, braziliyalik yarim himoyachi Fernandinyo “shaharliklar”ning almashtirib bo‘lmas futbolchisiga aylandi. Buni uning statistikasi qarab ham bilsa bo‘ladi. Fernandinyo butun mavsum davomida barcha jamoadoshlaridan ko‘ra ko‘proq o‘yin o‘tkazdi — jami 8 ming daqiqa. To‘g‘ri, Rahim Sterling, David Silva va Kevin de Bryuyne ham “Siti”ning almashtirib bo‘lmas o‘yinchilari, biroq statistika bilan tortirishib bo‘lmaydi. Ular ham Fernandinyodan ancha kam maydonga tushgan.

“Shaxtyor”dan 2013-yil Angliya Premyer ligasiga ko‘chib o‘tgan Fernandinyo har mavsum o‘rtacha 45 tadan o‘yin o‘tkazdi. Qisqa qilib aytganda, braziliyalik — foydali, ishonchli va barqaror o‘yin ko‘rsatdi. Faqat 2018/19-yilgi mavsum kelib, Fernandinyoga vaqt o‘z hukmini o‘tkazayotgani ko‘rina boshladi. U 34 yoshda va endi yosh bola emas. Ma’lumotlarga ko‘ra, futbolchi Manchesterdagi faoliyati davomida 5 marta jarohat olgan. Shulardan 4 tasiga esa 2018/19-yilgi mavsumda yo‘liqqan. “Siti” yillar davomida o‘z qahramoniga munosib o‘rinbosar topa olmay keldi va yakunda 22 yoshli ispaniyalik nomzodida to‘xtadi.

Foto: Getty Images

Rodrining o‘yin uslubi qanday?

Bo‘yi salkam 2 metr (191 sm) bo‘lgan Rodrining maydondagi o‘rni uni “yangi Buskets” deya atashlari uchun yetarli bo‘ldi. Bu hayratlanarli holat emas, albatta. Rodri ham xuddi Buskets kabi o‘yinni nazorat qilib, jamoasi to‘pni o‘zida ushlab turishi uchun barcha imkoniyatini ishga soladi. Uning o‘yin uslubi esa shunchaki oddiy, uzatmalari ham tavakkalchilikka asoslanmaganligi bilan ajralib turadi.

Foto: Getty Images

Ko‘pchilik Fernandinyoning ijodkorligini unutib qo‘yishi mumkin. Rodri esa braziliyalikdan farqli o‘laroq “aqlli paslari” bilan tanilgan emas. Uning asosiy kuchi — himoyada. Rodri o‘yinni qoyilmaqom tarzda o‘qiy oladi va shu boisdan ham doimo kerakli joyda vaqtida paydo bo‘la oladi. U o‘tgan mavsum La Ligada to‘pni olib qo‘yish bo‘yicha ikkinchi o‘rinda qayd etildi. U liganing eng yaxshi ikkinchi jamoasida to‘p surgan bo‘lsa ham bu ko‘rsatkich olqishga arziydi. Rodri taktik follardan foydalanib turadi: u o‘tgan mavsumda bitta o‘yinda o‘rtacha 1,7 ta qoida buzishga majbur bo‘lgan. La Liganing 34 ta o‘yinida esa atigi 5 ta sariq kartochka ishlab olgan.

U “Siti”da o‘ynab keta oladimi?

Pep Gvardiola odatda yangi kelgan o‘yinchilarga moslashib olishlari uchun 6 oy vaqt beradi. Masalan, Bernardu Silva, Leroy Sane va Aymerik Lyaportlar bilan ham shunday bo‘lgan. Agar Fernandinyo yaxshi formada bo‘lib tursa, u holda braziliyalik mavsumni 4-3-3 sxemasida asosiy tayanch yarim himoyachisi sifatida boshlaydi. Bunday holatda Rodri yangi jamoasiga qanday ko‘nikib ketadi deysizmi? Ispaniyalik 22 yoshli futbolchi kattagina mablag‘ to‘langani hisobga olinadigan bo‘lsa, unga jamoada yetarlicha o‘yin amaliyoti taqdim etilishini kutish mumkin. Balki, mavsum o‘rtalariga keliboq Rodri Fernandinyoni ortda qoldirib, asosiy tarkib futbolchisiga aylanar. Axir Fernandinyo kelasi yil may oyida 35 yoshni qarshi oladi.

Foto: Metro

Gvardiola esa Kevin de Bryuyening jarohati o‘tmishda qolganiga umid qiladi. Va jamoa yarim himoyasida David va Bernardu Silva, Rodri hamda de Bryuynelarni birlashtirishga harakat qiladi.

U bu pullarga arziydimi?

“Siti”ning so‘nggi uch transferi klub tarixiga rekord sifatida kirdi. “Shaharliklar” Riyod Mahrezni 60 million funtga sotib olgan bo‘lsa, Aymerik Lyaport uchun 57 million funt to‘lagan edi. “Atletiko M” Rodrini bir yil oldin “Vilyarreal”dan 17,8 million funtga sotib olgani hisobga olinsa, “Siti” uning uchun to‘lagan 62,8 million funt u darajada qo‘rqinchli summa emas. Agar “Manchester Siti” tomondan nazar solinadigan bo‘lsa, bunday transfer summalari klubni xavotirga solgan emas. Yangi o‘yinchilar uchun sarflangan pullar esa o‘zini oqlashni boshlab yuborgan. Jumladan, Mahrez, Lyaport, Uoker, Mendi, Silva, Ederson va Danilolar klubda o‘z o‘rniga ega bo‘lib ulgurdi.

Foto: Getty Images

Rodri ham “Ittihod”da tasodifan paydo bo‘lib qolgani yo‘q. Jamoada u harakat qiladigan chiziqda bo‘shliqlar vujudga kelgani uchun Rodri uchun katta mablag‘ to‘lashdan qochilmadi. To‘g‘ri, Ilkay Gundo‘g‘an ham bor, biroq u ham Fernandinyoning o‘rnini bosa olmaydi.

Umumiy reyting: 8/10

Gvardiola klub xo‘jayinlariga transfer bozoridagi eng asosiy maqsadi ekanligini tushuntira oldi. “Siti” esa o‘z niyatiga erishmasdan qolmadi. Uning iqtidori, imkoniyati va yoshi hisobga olinadigan bo‘lsa, Rodrining foydasi “Siti”ga hali ko‘p yillar davomida tegishi mumkin.