Rossiyada Janubiy Amerika futbolidan hikoya qiluvchi faqat bitta jurnal faoliyat olib boradi. Uning asoschisi Aleksandr Spivak esa janubliklar futbolidan so‘zlovchi qoyilmaqom hikoyalarni qayerdan topishni juda yaxshi biladi. Hikoyalarning ba’zilari esa futbol haqidagi tasavvurimizni o‘zgartirib yuborishi mumkin. Qariya Shenks aytganidek, bu hayot-mamot masalasi. Xullas, uning navbatdagi hikoyasini birgalikda tinglashni/o‘qishni taklif qilamiz.

Foto: Getty Images

2013-yil 11-sentabri. JCh—2014 musobaqasi saralash bosqichi. Urugvay Kolumbiyaga qarshi saf tortdi. Urugvayliklar ustozi Oskar Tabares terma jamoa asosiy tarkibiga 18 yoshli markaziy himoyachini kiritdi. Bu haqiqiy sensatsiya edi. Axir qahramonimiz mahalliy “Danubio” klubi safida atigi 16 ta o‘yin o‘tkazgandi. Uning terma jamoadagi debyut o‘yini esa kimsan Radamel Falkaoga qarshi edi. Bu holatni hatto Radamelning o‘zi ham tushunmasdi:

— Men nima qilmay o‘yinga diqqat-e’tiborimni qarata olmasdim. Xuddiki, har daqiqada aqldan ozayotgandek edim. U birdan mendan qanday mashinam borligini so‘radi. Menda Audi bor edi. Unga hatto mashinamning rangini ham aytdim. U esa to‘pni mendan olib qo‘yib, uni jarima maydonchasidan uzoqlashtirib yubordi… Bu boshlanishi edi, xolos.

Shundan keyin ham “bolakay” kolumbiyalik yulduzni ta’qib qilishda davom etdi:

— Nima uchun Ekvador, Venesuela va Kolumbiyaning bayroqlari bir xil rangdaligini bilasizmi?

— Men bu haqida terma jamoaning eng keksa a’zosi Farid Mandragon bilan kiyinish xonasida gaplashgandim. U buning Simon Bolivar bilan bog‘liqligini aytgandi…

Falkao bu haqida batafsil aytib berishga chog‘langan edi hamki, yosh himoyachi yana tajribali hujumchini ortda qoldrib, havodagi kurashda g‘olib chiqdi. Kamiga Falkaoning jag‘iga ohistagina zarba ham berdi.

— Ikkinchi bo‘lim avvalida maydon markazida turgandim, — deya hikoyasida davom etadi Falkao. Birdan u men tomon kelib, bu uning terma jamoadagi debyut o‘yini ekanligini aytib qoldi. Shuningdek, mazkur o‘yin sharafiga tatuirovka chizdirish istagi borligini aytdi. So‘ng u mendan “sentabr” so‘zi Setiembre yoki Septiembre ko‘rinishida yozilishini so‘radi. Men o‘ylab qoldim va to‘pga sakramadim ham.

Butun o‘yin davomida Urugvay terma jamoasi himoyachisi Falkaoni tuturiqsiz gap-so‘zlar bilan chalg‘itishda davom etdi. U rezina va plastikdan qilingan uy nima deyilishini, Valiviya yoki Valdiviya qaysi biri to‘g‘ri ekanligini so‘rardi. Kamiga mashinasiga ehtiyot qismlarini Chamako bozoridan sotib olishini aytib qo‘yardi.

— Buning nima ekanligini tushunmasdim. Hatto uning nima haqida gapirayotganligini ham anglamasdim.

O‘yin esa 2:0 hisobida Urugvay terma jamoasining g‘alabasi bilan yakunlandi. O‘yin yakunlangach Falkao “bolakay”dan Facebook’dagi nikini so‘radi.

— Bermayman, — deya javob berdi u. Men Facebook’ga faqat Candy Crush o‘yinini o‘ynash uchun kiraman. U sizga nimaga kerak!?

Bu o‘yin kolumbiyalik hujumchiga yoddan chiqmaydigan xotiralarni taqdim etdi: Vaziyatlar umuman yo‘q, boy berilgan yakkakurashlar va aqldan ozdiradigan yigitcha. Bu nimasi endi!?

Foto: Google Images

O‘sha bolakay o‘yindan 3 kun o‘tib Madridning “Atletiko” klubida ham debyut qildi. Uning ism-sharifi — Xose Mariya Himenes edi.