“Derbi”ga bosh murabbiylik qilib kelgan Frenk Lempard “Chelsi”ni boshqaradi. Bu haqda londonliklarning Twitter’dagi rasmiy sahifasida xabar berildi.
London klubi 41 yoshli mutaxassis bilan 3 yillik shartnoma imzoladi.
Eslatib o‘tamiz, Lempard 2018-yilning yozida “Derbi” bosh murabbiyligiga kelgandi. 2018/19-yilgi mavsum klub uning qo‘l ostida Chempionship jadvalida 6-o‘rinni egalladi va Angliya Premyer ligasiga chiqish uchun pley-off boshqichida ishtirok etdi. Biroq final bahsida “Aston Villa”ga imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
Ma’lumot uchun, Lempard 2001-yildan 2014-yilga qadar “aristokratlar” safida to‘p surgan. U London klubi tarkibida umumiy hisobda 648 ta uchrashuv o‘tkazib, 211 ta gol urgandi va klub tarixida eng yaxshi to‘purarga aylangan.
Qayd etish joiz, avvalroq “Chelsi”ni Mauritsio Sarri tark etgandi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)