2018-yili O‘zbekistonda Belarus kinosi kunlari o‘tayotgan paytda ikki davlat kino mutaxassislari avvalgi munosabatlarni qayta tiklash va hamkorlikda badiiy filmlar suratga olish vaqti yetdi, degan qarorga kelgan edi. Shu sababli joriy yilning iyun oyida “O‘zbekfilm” kinostudiyasi rahbariyati Belarusning Minsk shahrida “Belarusfilm” kinostudiyasi rahbarlari bilan uchrashib, hamkorlik haqida memorandum imzoladi. Bu haqda “O‘zbekkino” agentligi “Daryo”ga ma’lum qildi.
2019-yil 11-iyun kuni Belarusning Minsk shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ikki kinostudiyalarning hamkorligi haqidagi memorandum imzolangach, O‘zbekiston hamda Belarus kinoustalari tomonidan Ikkinchi Jahon urushidagi g‘alabaning 75 yilligiga bag‘ishlangan “Oyjamol” nomli badiiy film suratga olinishi rejalashtirildi.
“Oyjamol” deb nomlagan mazkur film ssenariysi Bahodir Umurzoqovning hujjatli romani asosida yozilgan bo‘lib, unda oddiy qishloq ayolining hayoti aks etadi. Film voqealari 1935 — 1991-yillarni o‘z ichiga qamrab olib, o‘tmishdagi qatag‘on zamonlari va Ikkinchi Jahon urushi davrida o‘zbek xalqining turli qiyinchiliklarga qaramay, Buyuk G‘alaba uchun tinmay mehnat qilgani, frontlarda esa o‘zbek o‘g‘lonlarning jasoratlari haqida hikoya qiladi.
Mazkur film real voqealarga asoslagan bo‘lib, suratga olish ishlari asosan O‘zbekiston va Belarusning qishloq va pavilyonlarida, o‘rmon va botqoqlarida amalga oshirilib, jang sahnalari Belarusda suratga olinadi. Bu film kino sohasidagi ikki davlat hamkorligining debochasi bo‘lib, kelgusida hujjatli hamda animatsion filmlar ham suratga olinishi ko‘zda tutildi. Ushbu memorandum ikki davlat kinochilari o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlaydi.
Rejaga ko‘ra, shu yilning oktabr—dekabr oylarida suratga olish ishlari “Belarusfilm”da amalga oshirilib, so‘ng asosiy ishlar O‘zbekiston hududida bo‘lib o‘tadi. “Oyjamol” filmining ikki davlatdagi ilk namoyishini 2020-yili may oylarida, “Xotira va Qadrlash” kuniga bag‘ishlab o‘tkazish ko‘zda tutilmoqda.
Izoh (0)