Xabaringiz bor, Ukrainada bo‘lib o‘tgan ilhombaxsh saylovda katta farq bilan xalq qo‘llab-quvvatlovida sobiq qiziqchi Vladimir Zelenskiy g‘olib chiqdi. U prezidentligining dastlabki bir oyida nimalar qilishga ulgurdi?
Pyotr Poroshenkoni (Ukrainaning sobiq prezidenti) debatlarda yuqori entuziazm bilan mag‘lub qilgan Vladimir Zelenskiy va uning jamoasi dastlabki qadamlardanoq nafaqat Ukraina, balki MDH davlatlari aholisining muhabbatini qozondi. Xususan, u debatlarni Ukrainaning markaziy stadionida butun xalq ishtirokida o‘tkazgani ham demokratik va shaffof saylov sari katta qadam bo‘ldi. Bu debatlarda bevosita xalq ishtirok etdi.
Albatta, buning sabablari bor. Prezidentlik saylovida g‘alabaga avvalroq ekranlarga chiqqan “Xalq xizmatkori” seriali katta turtki berdi, deb bemalol ayta olamiz. Aynan shu serialda yengil yumor orqali prezidentga talablar, boshqaruv organlaridagi siyosiy o‘yinlar, amaldorlarning kirdikorlari ochiq yoritilgan. Bundan tashqari, serialda amaldorlar xalq haqqiga xiyonat qilmasligi, ortiqcha hashamatga berilmasligi hamda bir qator xalq orzulari aks etgan.
Xo‘sh, faoliyatining dastlabki oyida Vladimir Zelenskiy qanday ishlar qildi?
Bu haqda 19-iyun kuni “Xalq xizmatkori” partiyasi nomidan Irina Vereshchuk News One kanaliga ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, prezidentlikning dastlabki 30 kuni ijobiy ruhda o‘tgan. Prezident bu muddat ichida bir qator shaxarlarda, xususan, Donbass, Mariupol va Lvov viloyatlarida bo‘ldi. Konchilar faoliyati bilan tanishib, ularning qolib ketgan maoshlarini hal qilib berdi. Rotterdam+ shartnomasini bekor qilib, kommunal to‘lovlar tarifini 7 foizga tushirdi.
Zelenskiy xalqaro munosabatlarni yaxshilash uchun bir qator muhim davlatlar: Belgiya, Fransiya, Germaniyaga bordi hamda fransuz lideri Makron va Germaniya kansleri Angela Merkel bilan uchrashdi.
Bu uchrashuvlar samarasi o‘laroq shu yilning iyul oyida Yevroittifoqning muhim sammitlaridan hisoblangan Normandiya to‘rtligi va NATO muzokaralari Ukrainada o‘tkaziladigan bo‘ldi. Tez orada prezident Kanadaga borishi va AQSh ham jiddiy taklif qilgani ma’lum qilindi.
Bundan tashqari, Zelenskiy 7-iyun kuni prezidentning shahar tashqarisidagi qarorgohida jurnalist va blogerlar bilan ochiq va erkin ruhdagi uchrashuv o‘tkazdi. Bu uchrashuvda ishtirokchilar va hatto prezident ham yostiqchali o‘rindiqlarda o‘rmon ichida o‘tirdu. Tanaffus vaqtida esa sharob, shaurma va pivo tarqatilgan. Asosiy savollarga to‘liq javob bergan Zelenskiy matbuot anjumani prezidentlikning 100 kunligida o‘tkazishini ma’lum qildi.
Vladimir Zelenskiy bir muddatga saylanishini qayta-qayta takrorlagani va inuaguratsiyada aytgan so’zlari xalq mehrini qozondi. Keyingi faoliyatini ham kuzatishda davom etamiz.
Abdulazizxon Akramov
Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.
Izoh (0)