Jahon okeanida “o‘lik zonalar” deb ataluvchi kislorodsiz hududlar soni tobora kengayib bormoqda, deb xabar beradi National Geographic.
Hozirgi kunda ko‘pchilikni Meksika ko‘rfazidagi hududlar tashvishga solmoqda. Bundan bir necha o‘n yillar oldin paydo bo‘lgan hudud o‘lchami ob-havo sharoitiga qarab o‘zgarib turadi. Luiziana shatati universiteti tadqiqotchilarining ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilda ushbu “o‘lik zona”ning o‘lchami 20 200 — 22 560 kvadrad kilometrga yetib, rekord darajani qayd etgan. Bu Sloveniya, Salvador yoki Isroil davlatlarining hududlari bilan teng demakdir.
Zonaning kattalashishiga Missisipi daryosiga yomg‘irlarning ko‘p yog‘ishi sabab bo‘lgan. Buning oqibatida birinchi navbatda fermerlar katta zarar ko‘rgan: ko‘pchilik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtira olmay qolgan. Biroq yerlarga bunga qadar urug‘ ekilib, turli kimyoviy o‘g‘itlar sepib bo‘lingan. Daryo suvi esa ularni yuvib ketib, ko‘rfaz tomon oqizib borgan.
Bu esa o‘z navbatida Luiziana va Texas shtatlarining qirg‘oqlarida suv o‘tlarining keskin o‘sishiga olib kelgan. Natijada ular atrof-muhitdagi kislorodni “tortib ola boshlagan”. Kislorodning kamligi baliqlar, qisqichbaqalar va boshqa suv osti hayvonlarining yashash darajasini pasaytirib yuboradi.
Olimlar kimyoviy o‘g‘itlardan kamroq foydalanish lozimligini ta’kidlamoqda, chunki bu kabi “o‘lik zonalar” ko‘plab omillarning bir qismi xalos.
Izoh (0)