“Manchester Yunayted” yarim himoyachisi Pol Pogba dinga bo‘lgan munosabati haqida aytib o‘tdi. Bu haqda Manchester Evening News xabar berdi.

Skrinshot: YouTube

26 yoshli fransiyalik Islom diniga e’tiqod qiladi. U may oyida musulmonlar uchun muqaddas bo‘lmish Ramazon oyida Makka va Madinaga borib Umra ziyoratini amalga oshirgandi.

“Islom men uchun hamma narsa. U menga barcha ne’matlar uchun shukr qilish imkoniyatini berdi. Islom meni hayotda hamma narsaga tushunishga o‘rgatdi. Islom sabab ichki xotirjamlikka erishdim, deb o‘ylayman.

Bu mening hayotimdagi eng yaxshi o‘zgarish bo‘ldi. Chunki onam musulmon bo‘lishiga qaramasdan men musulmon bo‘lib tug‘ilmagandim.

Islom bu hamma ko‘rib, bilib turgan terrorizm emas. Biz ommaviy axborot vositalari orqali eshitayotgan narsalar aslida boshqa narsa. Bu qandaydir boshqacha tuyg‘u. O‘zingiz ko‘rishingiz mumkin. Har bir inson islomga aloqasi borligini his qilib turadi. Do‘stlarimning ko‘pchiligi musulmon bo‘lgani uchun shu fikrga kelganman. Biz har doim islom dini haqida suhbat quramiz.

O‘zimga ko‘plab savollar berdim, keyinchalik esa ko‘p izlanishlar qildim. Bir kuni do‘stlarim bilan birgalikda ibodat qildim va o‘zimni boshqacha his qildim. O‘sha kundan boshlab ibodat qilishni davom ettirdim. Kuniga 5 mahal namoz o‘qish kerak, tavba qilish va barchasi uchun shukr qilish lozim.

Bu din mening dunyoqarashimni o‘zgartirishga va yaxshi inson bo‘lishimga turtki bo‘ldi. Keyingi hayotim haqida ko‘proq o‘ylay boshladim. Islom — insoniyatni, qolaversa, qolgan barcha narsalarni hurmat qilishga undovchi din”, — deydi Pogba.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!