Shu kunlarda Gonkong televideniyesining bir guruh ijodiy xodimlari xizmat safari bilan O‘zbekistonda mehmon bo‘lib turibdi. Safardan ko‘zlangan asosiy maqsad – o‘zbek kurashi haqida “The legend of martial arts – Kurash” (Kurash – jang san’atining afsonasi) deb nomlangan hujjatli film yaratish. O‘zbekiston kurash federatsiyasi bu yo‘lda gonkonglik teleijodkorlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlamoqda, deya yozadi O‘zA.
O‘tgan haftada Toshkentga yetib kelgan Gonkong televideniyesining ijodiy xodimlari dastavval milliy terma jamoa mashg‘ulotlarini tasvirga oldi. Shuningdek, mehmonlar Xalqaro kurash assotsiatsiyasining asoschi raisi, O‘zbekiston kurash federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari, zamonaviy kurash qoidalarini yaratgan Komil Yusupovdan intervyu oldi.
Ayni paytda Gonkong televideniyesi xodimlari Buxoro shahrida bo‘lib o‘tayotgan kurash bo‘yicha Prezident sovrini uchun hazrat Bahovuddin Naqshband xotirasiga bag‘ishlangan ilk xalqaro turnirni tasvirga olmoqda.
“Maqsadimiz – kurash falsafasi, undagi umuminsoniy qadriyatlarni tarannum qiluvchi hujjatli film yaratish, — deydi delegatsiya a’zosi Riv Tang. Kurash haqida ayrim ma’lumotlarga egamiz, negaki uni Gonkongda ham yaxshi biladi, sababi ushbu sport turi vatanimizda dzyudo, sambo kabi yakkakurash turlari bilan birgalikda rivojlanib bormoqda. O‘zbekistonga kelishdan maqsadimiz – kurash vataniga kelib uning boy tarixi, qadriyatlari, falsafasini yaqindan o‘rganish. O‘zbekiston kurash federatsiyasida bo‘lib, Komil Yusupov bilan juda mazmunli suhbat uyushtirdik. Buxorodagi tasvirga olish ishlarimiz ham samarali bo‘lmoqda. Ayniqsa, Qorako‘l tumanida faxriy kurashchi Nurmuhammad Yusupovning 74 yoshida 30-marta turnikka tortilishi bizni hayratga soldi. Shu yoshida bunday jismoniy tayyorgarlikka ega bo‘lish uchun kishi muntazam o‘z ustida ishlashi, sog‘ligi haqida qayg‘urishi talab qilinadi. Shuningdek, kurashning Vatani bo‘lgan Buxoroda kurash mutaxassislari va kurashchilar bilan intervyular uyushtirayapmiz. Bu bizga o‘z maqsadimizga erishishda qo‘l keladi”.
Gonkong televideniyesi xodimlari bugun Buxoro ramziga aylangan Ark majmuasida ham tasvirga olish ishlarini davom ettirdi.
Izoh (0)