Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qo‘ng‘irot tumanlararo sudining buyrug‘iga asos qarzdor A.J.dan undiruvchi T.G. foydasiga uch nafar farzandi ta’minoti uchun farzandlari 18 yoshga to‘lganga qadar qarzdorning ish haqi va boshqa daromadlarining ½ qismi miqdorida aliment undirish belgilangan va 2015-yil 9-fevral kuni ijro ishi qo‘zg‘atish haqida qaror qabul qilingan, bu haqda “Daryo”ga Majburiy ijro byurosi xabar berdi.

Foto: O‘zA

Lekin, aliment nafaqasi qarzdor A.J. tomonidan to‘lanmay kelib, 2016-yil oktabr oyiga qadar alimentchi otaning qarzi 9 966 488 so‘m bo‘lganligi va yashash manzilida yo‘qligi sababli, unga nisbatan 2016-yil 24-oktabr kuni jismoniy shaxsni qidirish to‘g‘risida va 2017-yil 6-yanvar kuni qarzdorning chiqish huquqlarini vaqtincha cheklash to‘g‘risidagi qarorlar qabul qilingan.

2015-yil 27-yanvar kunidan 2019-yil 1-iyun kuniga qadar qarzdor J.A.ning qarzdorligi jami 52 oy uchun, ya’ni 39 605 696 so‘mni tashkil qilgan.

Majburiy ijro harakatlari davomida qarzdor A.J. Qozog‘iston Respublikasidan kelib Qonliko‘l tumani “Bo‘stan” MFY da yashab yurganligi aniqlandi va bo‘lim xodimlari tomonidan tezkor tadbir natijasida bo‘limga olib kelindi.

Qarzdor A.J. oxiri o‘zida farzandlariga nisbatan mehr uyg‘onib, moddiy ta’minotini o‘ylab, sobiq turmush o‘rtog‘i G.T. bilan o‘zaro kelishgan holda ushbu qarzdorlik hisobidan yashash uchun turar joy olib bergan.