O‘zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasining kursantlari MDHga a’zo davlatlar oliy harbiy ta’lim muassasalari kursantlari o‘rtasida o‘tkazilgan Xalqaro olimpiadaning harbiy-professional tayyorgarlik bo‘yicha faxrli ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati “Daryo”ga xabar berdi.
Xalqaro olimpiadaning mazkur yo‘nalishi bo‘yicha birinchilik Ryazan oliy havo-desant qo‘mondonligi bilim yurti vakillariga nasib etdi. Kuchli uchlikka Qirg‘iziston qurolli kuchlari Harbiy instituti kursantlaridan iborat jamoa yakun yasadi.
Ta’kidlash kerakki, 2019-yilda MDHga a’zo yettita davlatning 17 ta oliy harbiy ta’lim muassasalaridan jami 35 jamoa xalqaro bellashuvlarning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha g‘oliblik uchun o‘zaro kurashdi. Harbiy-professional tayyorgarlik yo‘nalishi olimpiadaning so‘nggi bosqichi edi. Bunga qadar matematika, informatika, harbiy tarix va xorijiy tillar bo‘yicha Xalqaro olimpiada bo‘lib o‘tgandi.
O‘zbekiston Mudofaa vazirligi kursantlari joriy yilda matematika va informatika (professional tayyorgarlik) bo‘yicha ikkinchi o‘rinlarni qo‘lga kiritgan edi, endilikda ular qatoriga harbiy-professional tayyorgarlik bo‘yicha ham erishilgan natija qo‘shildi.
Sovrindor o‘zbek kursantlari bugun, 20-may kunining tongida Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali ravishda kutib olindi. Marosimda Qurolli Kuchlar akademiyasi jamoasi, kursantlarning qarindoshlari va yaqinlari ishtirok etdi.
Izoh (0)