Jizzax viloyati Zafarobod tumanida Xitoy Xalq Respublikasining “Xuasin sement” kompaniyasi tomonidan barpo etiladigan sement zavodi poydevorini quyishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi, deb yozadi O‘zA.
Mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Xuasin sement Jizzax” xorijiy korxonasi tomonidan barpo etilayotgan mazkur zavodning loyiha qiymati 300 million dollar bo‘lib, yil oxirida korxonaning birinchi bosqichini ishga tushirish rejalashtirilgan. Loyihaning dastlabki bosqichida yiliga 1 million 200 ming tonna M-500 markali sement ishlab chiqarish mo‘ljallanmoqda. Loyiha to‘liq amalga oshirilgach, 300 dan ortiq ish o‘rni yaratiladi.
“Bu zavod hududimizda Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga qarashli “Jizzax sement zavodi”dan so‘ng barpo etilgan ikkinchi yirik korxona. Joriy yil oxiriga qadar tumanimizda qurilish ashyolari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash korxonasi, baliq yetishtirishni yo‘lga qo‘yish kabi yana 11 ta yirik loyiha amalga oshiriladi. Yaqingacha paxta tozalash zavodidan boshqa sanoat korxonasi bo‘lmagan tumanda yirik ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirilayotgani chekka hududlar iqtisodiyotini rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan izchil islohotlar samarasidir”, — deydi Zafarobod tumani hokimining o‘rinbosari O.Musanov
Jizzaxda Xitoy Xalq Respublikasi ishbilarmonlari bilan hamkorlik kengayib borayotir. Ayni paytda viloyatda ushbu mamlakat ishbilarmonlari ishtirokida sanoat, energetika, transport, telekommunikatsiya, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda 30 dan ziyod investitsion loyiha amalga oshirilmoqda.
Viloyatda 2019—2020-yillarda hududlarni kompleks rivojlantirish, qishloq ho‘jaligi va xizmat ko‘rsatish tarmoqlarini modernizatsiya qilish orqali 24 trillion so‘mlik yangi investitsiya loyihalari amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ushbu loyihalar ishga tushirilishi natijasida 25 ming ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.
Yangi sement zavodiga tamal toshi qo‘yishga bag‘ishlangan marosimda viloyat hokimi E.Soliyev ishtirok etdi.
Izoh (0)