Samarqand viloyati aholining qariyb 66 foizi markazlashgan holda toza ichimlik suvi bilan ta’minlangan. Bu haqda viloyat “Suvoqova” davlat unitar korxonasi rahbari Komiljon Yusupov ma’lum qildi, deya xabar beradi Zarnews.
21 foiz aholi muqobil ichimlik suv manbalaridan foydalanyapti, 14 foiz aholiga maxsus transport yordamida suv yetkazib berilmoqda.
Aholining ichimlik suv ta’minotini yaxshilash maqsadida 2018-yilda 53,3 milliard so‘m evaziga 69 ta obyektda qurilish-montaj ishlari amalga oshirildi, natijada viloyatdagi 80 mingga yaqin fuqaro ilk bor ichimlik suvi bilan ta’minlandi, 50 mingdan ortiq aholining ichimlik suv ta’minoti yaxshilandi.
Bu yil 89,3 milliard so‘m mablag‘ hisobidan 71 ta obyektda qurilish-montaj ishlari bajarilib, 2020-yilning 1-yanvar holatiga aholining ichimlik suv bilan ta’minlanish darajasi 67,1 foizga yetishi kutilmoqda.
Samarqand shahri aholisiga yetkazib berilishi mo‘ljallangan ichimlik suvining qariyb beshdan bir qismi iste’molchiga yetib bormaydi.
— Shaharning ayrim hududlarida yaroqsiz holga kelib qolgan tarmoqlar bunga asosiy sabab bo‘lmoqda, — deydi K.Yusupov. —Jumladan, shahar hududida 378 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i eskirgan. Aynan shunday joylarda avariya va suvning behuda isrof bo‘lishi holatlari ro‘y bermoqda.
Izoh (0)