“Daryo”ga Qashqadaryo viloyati, Yakkabog‘ tumanining “Choydori” qishlog‘idagi “Tollibuloq” mahallasida yashovchi fuqarolardan kelib tushgan murojaatga ko‘ra, joriy yilning 3-may kuni mahalla raisligiga bo‘lib o‘tgan saylov shaffof o‘tmagan. Murojaatchilarning aytishicha, mahallaga yangi saylangan rais yaqinlari va qarindosh-urug‘lari bergan ovoz evaziga raqib nomzodlarni ortda qoldirgan.

Foto: “Daryo”

“Daryo” muxbiri voqea tafsilotlarini o‘rgandi.

— Men yashayotgan ko‘chada saylovda ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan 130 nafardan ortiq saylovchidan, kelishilgan holda 13 nafar vakil ro‘yxatini berdik, — deydi mahalla ko‘chaboshilaridan biri G‘ayrat Azimov. – Ammo o‘sha 13 nafar vakildan ham 6 nafariga taklifnoma berishgan, xolos. Qolgan 7 nafariga taklifnoma bormagan. O‘rniga rais To‘ra O‘rozovga yaqin bo‘lgan, uning nomzodini qo‘llab-quvvatlovchi qarindoshlari, yaqinlariga taklifnoma berilgan.

Aniqlanishicha, “Tollibuloq” mahalla fuqarolar yig‘ini raisligiga 2019-yil 3-may kuni bo‘lib o‘tgan saylovda 4 nafar nomzod qo‘yilgan bo‘lib, saylovda nomzod Bahriniso Azizova 5 ta ovoz, Muyassar Nurboboyeva 4 ta ovoz, Ne’mat Shoimov 79 ta ovoz va yangi saylangan rais (shu kunga qadar faoliyat yuritib kelayotgan amaldagi rais) To‘ra O‘rozov 84 ta ovoz olgan.

G‘ayrat Azimovning ma’lumot berishicha, ba’zi bir ko‘chaboshilar hatto saylovchilar ro‘yxatini ham taqdim etmagan, ko‘chasida kimlarga taklifnoma berilganidan ham bexabar.

G‘ayrat Azimov.

Foto: “Daryo”

— Ba’zi bir ko‘chaboshilar saylovchilar ro‘yxatini ham berishmagan, — deydi G‘ayrat Azimov. – Shunday bo‘lsa-da, o‘sha ko‘chadagi saylovchilarga taklifnoma borgan. Boisi, ishchi guruhdagilar ularni ro‘yxatga qo‘shib, taklifnoma yuboryapti. “Priyom” qilishyapti-da. Masalan, Xo‘jayorov va Qudratovlar oilasi familiya har xil bo‘lsa-da aslida bir oila. Shunga qaramasdan bu oiladan saylovga 7–8 nafar saylovchi qatnashib, ovoz beryapti. Xo‘jayorov Ergash akaning o‘zi, ayoli va o‘g‘li ham saylovda ishtirok etyapti. Sababi bu oila rais To‘ra O‘rozovni qo‘llab-quvvatlovchilar. Shaxsan mening oilamda ham ovoz berish yoshiga yetganlar 5 nafarni tashkil qiladi, lekin faqat o‘zim ishtirok etyapman-ku.

G‘ayrat Azimov o‘zi yashovchi ko‘chadagi 35 ta xonadondan 13 nafar vakil ro‘yxati berilsa-da, ularning 7 nafariga taklifnoma bormasligini, ammo 12 ta oila yashovchi ko‘chadan 10 dan ortiq saylovchining barchasiga taklifnoma yuborilishini yangi saylangan rais “To‘ra O‘rozovni qo‘llovchilarning o‘yini” deya baholamoqda.

To‘ra O‘rozov.

Foto: “Daryo”

— Ishchi guruh shu darajada adolatli bo‘lsa, nega men ro‘yxatini bergan 35 xonadon vakili bo‘lmish 13 nafar saylovchidan 7 nafari qolib ketib, bitta ko‘chadagi mavjud 12 xonadondan qatnashayotgan 10 dan ortiq saylovchining barchasiga taklifnoma yuborilyapti, — deydi G‘ayrat Azimov. – Chunki o‘zlariga tegishli odamlar ro‘yxati tuzilib, ularga taklifnoma yuborishgan. “Nega men bergan ro‘yxat bo‘yicha taklifnoma bormadi” deb so‘rasam, taklifnoma yetmay qoldi deyishdi. Holbuki, ba’zi bir odamlarga ertasi kuni ham taklifnoma borgan. Demak, taklifnomalar yetarli bo‘lgan ekan-da. So‘rab-surishtirsam ko‘chaboshi Safar To‘rayev ham ko‘chasidan 11 nafar saylovchi ro‘yxatini bergan ekan, 5 nafari qoldirilib, qolgan saylovchilar o‘rniga yangi saylangan raisni qo‘llab-quvvatlovchi odamlar jalb qilingan.

Ko‘chaboshi G‘ayrat Azimovga ko‘ra, bu kabi ko‘zbo‘yamachiliklar ishchi guruhning ishi. Uning aytishicha, saylov haqida xabar topmay qolgan ko‘chaboshiyu, butun boshli ko‘cha fuqarolari ham bor.

— Hatto ko‘chaboshi To‘lqin Ochilov va butun boshli ko‘chasi saylov o‘tganidan bexabar qolgan ekan, — deydi G‘ayrat Azimov. – Buni qanday tushunish mumkin?

Foto: “Daryo”

“Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan tollibuloqliklar saylovda 4 nafar nomzod qo‘yilgan bo‘lsa-da, saylovgacha bo‘lgan jarayonda ularning birortasi haqida ham ma’lumot berilmaganini, nomzodlar haqidagi ma’lumotlar mahalla idorasi yoki ko‘chalarga ham ilib qo‘yilmaganini aytmoqda.

“Tollibuloq” MFYning yangi saylangan raisi To‘ra O‘rozov saylovchilarning bu iddaosini rad etib, saylovgacha bo‘lgan jarayonda o‘z dasturi bilan saylovchilarni xabardor qilganini bildirdi.

— Ishchi guruh a’zosi bo‘lsam-da, nomzodlar dasturi bilan men ham tanish emasdim-ku, aholi qanday tanish bo‘lishi mumkin, — deydi ishchi guruh a’zosi Meyli Shukurov. – Men nomzod dasturi bilan tanishib, so‘ngra aholini tanishtirishim kerak ediku. Ming afsuski, ishchi guruh umuman ish bajarmadik.

Meyli Shukurov.

Foto: “Daryo”

— 30-aprel kuni ichshi guruh raisi Abdukarim Oqbo‘tayevga ko‘chamizdagi oqsoqollar “Nega saylovdan bir oy ilgari nomzodlar haqida ma’lumot berilmadi” deb savol berishdi, — deydi ko‘chaboshi Bahodir Nurmatov. – Ishchi guruh rahbari maktabda 6 soat darsi borligi uchun nomzodlar haqida ma’lumot berishga vaqti bo‘lmaganini aytdi.

Saylov qonunchiligiga ko‘ra, ishchi guruh fuqarolar yig‘ini o‘tkaziladigan sana, vaqt va joyni belgilaydi hamda uni o‘tkazishdan kamida besh kun oldin bu haqda tegishli hududda yashovchi fuqarolarni xabardor qilishi, fuqarolar yig‘ini raisi saylovini tashkil etish va o‘tkazish masalalari yuzasidan aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borishi va hovlilar, uylar, ko‘chalar aholisining fuqarolar vakillari saylovi bo‘yicha umumiy yig‘ilishlarini tashkil etishi va o‘tkazishi lozimligi belgilangan.

Tarkibi 9 kishidan iborat ishchi guruh saylovoldi jarayonlarda o‘z vazifasini bajarmagani haqida fuqaro Bahrom Shoimov ham shikoyat qilib, ishchi guruh rahbari Abdukarim Oqbo‘tayev mahalla raisligiga nomzodi qo‘yilgan To‘ra O‘rozovga quda ekanligini ochiqladi. Bo‘lib o‘tgan saylovni esa “oilaviy saylov” deya atadi.

Surishtiruvlarimiz davomida ochiqlanishicha, Meyli Shukurov, Sulton Yangiboyev va Ismat Mahkamovlar tuman hokimligiga ishchi guruh rahbari va raislikka nomzod To‘ra O‘rozovning quda-andachiligi haqida shikoyat qiladi. Shikoyatni o‘rganishga kelganlar jarayonni o‘rganib, shikoyatchilarning 2 nafarini, jumladan Meyli Shukurovni ishchi guruh tarkibiga qo‘shib qo‘yish bilan cheklanadi. Shunda ishchi guruh tarkibi 11 kishiga aylanadi. Ammo “quda rais” o‘zgarmaydi. Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida” Qonunining 14-moddasida “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli), uning maslahatchilari, fuqarolar yig‘ini organlarining boshqa xodimlari, shuningdek fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga nomzodlarning, fuqarolar yig‘ini organlari boshqa xodimlarining yaqin qarindoshlari ishchi guruh tarkibiga kiritilishi mumkin emas. Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga nomzodlar ishchi guruhga a’zo shaxslar yoxud ularning yaqin qarindoshlari orasidan ko‘rsatilgan taqdirda, ular ishchi guruh tarkibidan chiqariladi”, deya belgilab qo‘yilgan.

Tuman hokimligi vakili, saylovda ishtirok etgan Sobir Oripovning aytishicha, nomzodlardan nafaqat To‘ra O‘rozov, balki Ne’mat Shoimov ham ishchi guruh raisi Abdukarim Oqbo‘tayev bilan quda.

Tuman Ko‘maklashuvchi komissiya raisi O‘lmas Umarovning aytishicha, shikoyat asosida ishni o‘rganishga borishganda, ishchi guruh raisini o‘zgartirish haqidagi taklif ko‘rib chiqilayotganda, shikoyatchilar ishchi guruh tarkibiga kiritilsa, murojaatdan qoniqish hosil qilishini bildirgan. Va oqibatda ishchi guruh raisi o‘zgarmay qolgan.

Ushbu mahalla fuqarolaridan saylov kuni saylovchi sifatida ishtirok etgan Zulfiya Ermatova hamda ishchi guruh raisi o‘rinbosari Xolmahmat Aliyevlar saylov adolat mezonlari asosida o‘tganini aytib, saylov yakunida Sobir Oripov saylovchilarga jarayon shaffof o‘tyaptimi deb so‘raganda, hamma “ha” deya javob berganini ta’kidlamoqda.

Zulfiya Ermatova.

Foto: “Daryo”

— Saylov adolat mezonlari asosida o‘tdi, — deydi Zulfiya Ermatova. – Hech qanday nohaqlik bo‘lgani yo‘q. Xo‘p, nohaqlik bo‘lgan ekan deylik, nega o‘sha kuni e’tiroz bildirishmadi?

— Saylov kuni bo‘layotgan ko‘zbo‘yamachiliklar, taklifnomalarning to‘liq berilmagani haqida aytdim, — deydi G‘ayrat Azimov. – Ammo tumandan kelgan vakil Sobir Oripov buni eshitmadi-da. Saylov shaffof o‘tdi deya raisni tabriklab ketishdi.

— Saylov kuni ishchi guruh a’zosi Meyli Shukurov ishchi guruh a’zosi ekanligini, ammo saylovgacha bo‘lgan jarayonlarda ishchi guruh biror marta ham yig‘ilishib, saylov haqida fikrlashmaganini, ishchi guruh umuman ishlamaganini aytsa-da, tuman hokimligi vakili Sobir Oripov ham, ko‘maklashuvchi komissiya raisi O‘lmas Umarov ham bunga e’tibor bermadi, — deydi Bahrom Shoimov. – Sobir Oripov saylovchilarga qoidani 20 martalab tushuntirib, hammani chalg‘itishga urindi. Saylovchilar garang emasku, nega bir gapni 20 marta takrorlaydi? Bundan ko‘zlangan maqsad hammaning e’tiborini chalg‘itish edi.

Bahrom Shoimov.

Foto: “Daryo”

Bahodir Nurmatovning so‘zlariga ko‘ra, saylovdan 10 kun oldin yangi saylangan raisga tegishli odamlar ishtirokida yashirin tarzda yig‘in tashkil etilgan.

— Saylovdan chamasi 10 kun oldin, ertalab soat 7:30 larda mahalla idorasiga kelsam, majlisdan chiqib ketayotganlarni ko‘rdim, — deydi Bahodir Nurmatov. – So‘rasam, yig‘in bo‘libdi. Shunda kotibga “nega biz ko‘chaboshilarning yig‘indan xabarimiz yo‘q”, deb so‘radim. “Men bilmayman”, dedi kotib. Bunaqa yashirin tarzda yig‘ilish o‘tkazmasliklari lozimligini aytdim. Shunda rais menga telefon qilib o‘dag‘ayladi.

Mahallaning sobiq raisi, yangi saylovda nomzodi qo‘yilgan To‘ra O‘rozov ishtirokida saylovdan 10 kun avval yashirin yig‘in o‘tkazilganini 6 ta ko‘chaboshilar boshi, mahalla oqsoqoli Jonqobil Xoliyorov ham tasdiqlab, yig‘inda ko‘chaboshilardan ayrimlari qatnashganini qo‘shimcha qildi.

Jonqobil Xoliyorov.

Foto: “Daryo”

Bahodir Nurmatov mahalla oqsoqollarining saylovi haqidagi yangi qonunchilikka ko‘ra, mahalla raisligiga saylanayotgan nomzod shu hududning o‘zidan bo‘lishi, mahallada kamida 5 yil yashagan bo‘lishi haqida eslatib, yangi saylangan rais To‘ra O‘rozov “Tollibuloq”da emas, qo‘shni mahallada yashashini ma’lum qildi.

— Saylov qonunchiligiga ko‘ra, raislikka saylanayotgan nomzod shu hududning o‘zidan bo‘lishi va kamida 5 yil shu mahallada yashagan bo‘lishi lozim-ku, nega endi bu mahallada yashamaydigan fuqaro “Tollibuloq” mahalla raisligiga nomzodini qo‘ygan? — deydi Bahodir Nurmatov. – Hokimiyat ham nomzodni tasdiqlagan. Qani bu yerda shaffoflik?

Bahodir Nurmatov.

Foto: “Daryo”

Ma’lum bo‘lishicha, “Tollibuloq” mahallasiga yangi saylangan rais To‘ra O‘rozov “Choydori” qishlog‘idagi “Tollibuloq”qa qo‘shni mahallada istiqomat qiladi.

Kezi kelganda shuni ta’kidlash lozimki, “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida” Qonunda ko‘rsatilishicha, tegishli komissiyaga taqdim etish uchun fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga nomzodlar bo‘yicha takliflarni tegishli hududda doimiy yashovchi fuqarolarning fikrini inobatga olgan holda tayyorlash lozim bo‘ladi.

Saylov jarayonini bevosita kuzatgan jurnalist, tuman gazetasi bosh muharriri Bozor Azizov ham “Daryo” muxbiri bilan suhbatda saylov adolat tamoyillari asosida o‘tganini, jurnalist sifatida jarayonni sinchkovlik bilan kuzatganini bildirdi.

Oqsoqol Jonqobil Xoliyorov Abdukarim Oqbo‘tayev rahbarligidagi ishchi guruhning saylovoldi tayyorgarligi talabga javob bermasligini, ishlar qo‘l uchida qilinganini, hatto saylovchilar Ismoil Berdiyev, Baxtiyor Yusupov va Shoira Ro‘ziyevalarga 2 tadan taklifnoma yozilganini ko‘rganini aytmoqda.

Foto: “Daryo”

— Adashib ketgan bo‘lishimiz mumkin, — deydi ishchi guruh rahbari Abdukarim Oqbo‘tayev bu ayblovlarga javoban.

Abdukarim Oqbo‘tayevning ma’lumot berishicha, mahallada yashovchi jami 4102 nafar aholining 2670 nafari saylovda ovoz berish huquqiga ega bo‘lib, shundan 320 nafar saylovchiga taklifnoma berilgan. Saylovda esa 179 nafar kishi ishtirok etgan. Ammo nomzodlarga berilgan ovozlar soniga ko‘ra, saylovda 173 nafar kishi ishtirok etgan.

Bahodir Nurmatov saylov kuni sanoq komissiyasi a’zosi sifatida ish yuritganini, Davron Xoliqov, Bozor Umirov, Hasan Ochilov, Xolmat Xoliqov va Bahodir Nurmatovlardan iborat 5 kishilik sanoq komissiyasiga saylovgacha bo‘lgan jarayonda saylovchilarga taklifnomasiz saylov byulleteni berilmasligi haqida aytilsa-da, saylov kuni tuman hokimligi vakili Sobir Oripov, ko‘maklashuvchi komissiya raisi O‘lmas Umarov va ishchi guruh rahbari Abdukarim Oqbo‘tayevlar tomonidan taklifnomasiz kelgan saylovchilarga ham saylov byulleteni berilishi, saylovda ishtirok etishi lozimligi haqida aytilgan. Bahodir Nurmatovga ko‘ra, saylov kuni shuningdek sanoq paytida ham chalkashliklar bo‘lgan va yakunda sanoq komissiyasi a’zolari natijani tasdiqlamagan.

O‘lmas Umarov.

Foto: “Daryo”

“Tollibuloq”dagi saylov jarayonida yuz bergan holatni o‘rganish davomida ko‘plab qonunbuzilishlariga guvoh bo‘ldik, albatta. Eng yomoni bu haqda tuman hokimligiyu, tuman ko‘maklashuvchi komissiya raisi ham xabar topsa-da, jim qarab turgan. Yoki ishni yopig‘ligicha qolishini istagan. Xo‘sh, nega? Sabab nima? Bundayin holatlarga ko‘z yumish saylovchida saylovlar shaffofligiga shubha tug‘dirmasmikin? Savollar ko‘p, javoblarga kelganda esa mas’ullarga ko‘z tikamiz.

“Daryo” maqolada tilga olingan holatlar bo‘yicha, mutasaddilardan izoh kutib qoladi.

Muallif:Otabek Qo‘ldoshev