“O‘zbektelekom” AJ tomonidan ishlab chiqilgan yangi piring tarmog‘i jahondagi mashhur internet-resurslar va portallarni mahalliylashtirish hamda sifatli milliy kontentni rivojlantirish bo‘yicha loyihalar yaratish imkonini beradi. Bu internetdan foydalanish darajasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
O‘zbekistonda ushbu loyihaning amalga oshirilishi xalqaro internet-kanal yuklamasini ma’lum darajada maqbullashtirish imkonini beradi va internet-resurslarning oqilona taqsimlanishini ta’minlaydi.
Hozirgi kunda “O‘zbektelekom” AJ litsenziyalangan eng yirik media-kontent kutubxonasida (filmlar, teleseriallar va multfilmlarga) ega bo`lgan ivi onlayn-kinoteatri bilan hamkorlikda qo`shma loyihani tijorat maqsadlarida foydalanishga topshirdi.
Uz-IX tarmog‘i – bu “O‘zbektelekom” AJ boshqaruvi ostidagi infratuzilma bo‘lib, uning barcha ishtirokchilari (piring-sheriklari) o‘zaro trafik almashishlari mumkin.
Ayni paytda tarmoqdan, xosting maydonchasidan yoki media-kontentdan foydalanish xizmatlarini ko‘rsatgan va tegishli litsenziyaga ega yuridik shaxs piring tarmog‘i ishtirokchisi bo‘la oladi.
Ta’kidlash joizki, Uz-IX yangi piring tarmog‘ining tashkil etilishi amaldagi TAS-IX piring tarmog‘ining muqobili yoki uning o‘rnini bosuvchi tarmoq hisoblanmaydi. “O‘zbektelekom” AJ avvalgidek TAS-IX “Ma’lumot uzatish tarmoqlari bo‘yicha o‘zaro hamkorlik qilish markazi” nodavlat notijorat tashkilotining a’zosi va TAS-IX trafigi almashish tarmog‘i foydalanuvchisi hisoblanadi.
Izoh (0)