O‘zbekiston Prezidentining joriy yil 23-aprelda imzolangan “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmoni hamda “Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Andijon viloyatida ham Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, mehnat fronti faxriylari moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlanib, ularga sovg‘a-salomlar topshirilmoqda. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar bermoqda.
Andijon harbiy prokuraturasi xodimlari hamda Andijon shahrida joylashgan 528-Safarbarlik chaqiruvi rezervi batalyoni harbiy xizmatchilari Vatan ozodligi va sha’ni-sharafi uchun kurashgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari — Xo‘jaobod tumani “Manak” mahallasida yashovchi 96 yoshli Foziljon ota Teshaboyev hamda Jalaquduq tumanining “Qo‘shtepa” MFYsida istiqomat qiluvchi 97 yoshli Zaynobiddin ota Qodirov xonadoniga tashrif buyurib, ular holidan xabar oldi.
“Hayotim davomida juda ko‘p qiyinchiliklarni boshdan o‘tkazganman, — deydi Foziljon ota Teshaboyev. – Bir men emas, millionlab kishilar front azobini tortdi, front ortida jabr ko‘rganlar esa hisobsiz edi. Ammo o‘sha yillarda ona xalqimiz ko‘rsatgan jasorat va matonat, sabr-toqat chin qahramonlikdir. Yurtmizdagi men kabi urush qatnashchilari va frontorti mehnat faxriylariga barcha shart-sharoitlar yaratilib, har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotganligi ochig‘i, qalbimizni tog‘dek ko‘taryapti. Bugungi obodlikni, ko‘rkam hayotni ko‘rib, farzandlarim, nevara-chevara, evaralarimning baxtli hayotiga boqib xursandchiligimdan boshim osmonga yetadi. Qani endi Xudo menga yana yoshligimni qaytarsa, tinmay ishlagan, xalqimga bundan ham yaxshiroq xizmat qilgan bo‘lar edim”.
Otaxonlar o‘z xotiralarini so‘zlab berish asnosida yoshlarni bugungi osuda va farovon kunlarning qadriga yetish, uni asrab-avaylashga da’vat etdi. Ularga mehmonlar tomonidan sovg‘alar tuhfa etildi.
Izoh (0)