Andijon davlat tibbiyot institutida O‘zbekistondagi tibbiyot oliy ta’lim muassasalarining iqtidorli va izlanuvchan yosh olimlari ishtirokida an’anaviy Respublika ilmiy-amaliy videokonferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda institut matbuot kotibi “Daryo”ga xabar berdi.
Tibbiyotning dolzarb va o‘ta muhim muammolarini hal etishga qaratilgan anjuman talaba yoshlar o‘rtasida qizg‘in fikr-mulohazalar yuritish, tajriba almashish, o‘zaro hamkorlik qilish, ilmiy izlanish va yangiliklarga oshno bo‘lish imkonini yaratdi. Anjuman dasturidan 40 dan ziyod taqdimot ma’ruzalari, to‘plamdan esa 800 dan ortiq tezis o‘rin oldi.
Qamrov jihatidan har yilgidan kengroq va ko‘tarinki ruhda o‘tgan konferensiyada eng yaxshi ma’ruza egalari aniqlandi. Unga ko‘ra, ADTI talabasi Sh.Abdullayev 1-o‘rin, Toshkent tibbiyot akademiyasi magistranti J.Soliyev 2-o‘rin, Toshkent davlat stomatologiya instituti talabasi D.Isanova esa 3-o‘rin sohibi bo‘ldi. Shuningdek, “Eng yosh olim”, “Eng iqtidorli yosh olim”, “Eng yaxshi mustaqil ish” singari bir qator nominatsiyalar bo‘yicha ham faol qatnashchilar taqdirlandi. Ularga diplom, sertifikat va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Izoh (0)