O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasi 2019-yilning yanvar—mart oylarida mamlakatdagi o‘lim holatlariga qaysi kasalliklar sabab bo‘lganini ma’lum qildi, bu haqda Sputnik xabar beradi.
Davlat statistika qo‘mitasi hisobotida qayd etilishicha, 2019-yilning yanvar-mart oylarida 37,1 mingta o‘lim qayd etilgan bo‘lib, mos ravishda 1000 aholiga nisbatan o‘lim koeffitsiyenti 4,5 promilleni tashkil etdi, 2018-yilning mos davriga nisbatan 0,2 promillega kamaygan (2018 yilning yanvar—mart oylarida 4,7 promille bo‘lgan). Uch oy mobaynida 20,7 ming nafar erkak va 16,4 ming nafar ayol vafot etgan.
Ushbu davrda qayd etilgan o‘limlarning 63,8 foizi — qon aylanish tizimi kasalliklaridan, 9,0 foizi — o‘simtalardan, 5,2 foizi — ovqat hazm qilish a’zolari kasalliklaridan, 5,1 foizi — nafas olish a’zolari kasalliklaridan, 4,3 foizi — baxtsiz hodisa, zaharlanish va jarohatlanishlardan,1,4 foizi — yuqumli va parazitar kasalliklardan hamda 11,2 foizi — boshqa kasalliklardan vafot etgan.
Ro‘yxatga olingan 1 yoshgacha vafot etgan bolalar soni 1,6 ming nafarni tashkil etib, ularning 52,1 foizi — perinatal davrda yuzaga keladigan holatlardan, 20,3 foizi — nafas olish a’zolari kasalliklaridan, 16,0 foizi — tug‘ma anomaliyalardan, 2,1 foizi — baxtsiz hodisa, zaharlanish va jarohatlanishlardan, 2,1 foizi — yuqumli va parazitar kasalliklardan, 0,7 foizi — ovqat hazm qilish a’zolari kasalliklaridan va 6,7 foizi — boshqa kasalliklardan vafot etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi doimiy aholisi soni 2019-yil 1-aprel holatiga 33 million 375,8 ming kishini tashkil etib, 2019-yil boshidan 120,3 ming kishiga yoki 0,4 foizga o‘sgani haqida xabar qilingan edi.
Izoh (0)