Bugun, 12-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Prezident Administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov boshchiligida kengaytirilgan hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining Telegram kanalida xabar berildi.

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

Yig‘ilishda Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi mas’ul xodimlari, vazirlik va mutasaddi idoralar rahbarlari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda hukumat va Oliy Majlis palatalari bilan hamkorlikni kuchaytirish, axborot siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish, axborot xavfsizligini ta’minlashga oid tizimli ishlarni tashkil qilish, davlat organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlashda axborot xizmatlarining nufuzini oshirish, Agentlik tizimiga mahalliy va xorijiy investitsiyalarni jalb etish, matbaa va noshirlik, kutubxonachilik sohasini zamonaviy uskunalar bilan ta’minlash va boshqa dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Xususan, davlat rahbari tomonidan ilgari surilgan 5 ta tashabbus bo‘yicha belgilangan vazifalarni sifatli va samarali amalga oshirish masalalari alohida qayd etildi.

Kengaytirilgan yig‘ilishda shuningdek, yig‘ilish ishtirokchilariga va Agentlik jamoasiga yangi rahbariyat tarkibi tanishtirildi – Agentlik direktori vazifasini bajaruvchi Komil Allamjonov, direktorning birinchi o‘rinbosari Avazbek Xojimetov, direktor o‘rinbosarlari etib Saida Mirziyoyeva hamda G‘ayrat Bozorov tasdiqlandi.