O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan “Yosh kitobxon” tanlovining 2019-yilgi nizomi tasdiqlandi. Bu haqda “Daryo”ga Yoshlar media markazi ma’lum qildi.

Foto: Yoshlar media markazi

Nizomga ko‘ra, tanlov to‘rt bosqichda tashkil etiladi. Birinchi bosqich arizalar qabul qilish va saralash bosqichi bo‘lib, unda tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan ishtirokchilarning arizalari 15-may kuniga qadar Yoshlar ittifoqining tuman, shahar kengashlari tomonidan qabul qilinadi.

Ariza topshirgan yoshlar adabiyotlar ro‘yxati asosida o‘zbek va jahon adabiyotiga, buyuk adiblar hayoti va ijodiga oid 50 ta test savollariga javob berish orqali saralanadi. Har bir to‘g‘ri javob uchun 2 balldan beriladi. Test natijalariga ko‘ra 86 va undan yuqori ball to‘plagan 15 nafar ishtirokchi keyingi bosqichda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi.

Ikkinchi bosqich tanlovning mahalliy bosqichi bo‘lib, iyun oyida tuman, shaharlar miqyosida saralash bosqichida 86 va undan yuqori ballni qo‘lga kiritgan ishtirokchilar o‘rtasida “O‘zbek adabiyoti bilimdoni” va “Jahon adabiyoti bilimdoni” shartlari bo‘yicha o‘tkaziladi.

Uchinchi bosqich tanlovning hududiy bosqichi bo‘lib, avgust—sentabr oylarida “Buyuk mutafakkir va adib” hamda “Badiiy asarlar bilimdoni” shartlari asosida teletanlov shaklida bo‘lib o‘tadi. Har bir yosh toifasi bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 1 nafardan jami 3 nafar ishtirokchi Respublika bosqichi uchun yo‘llanmaga ega bo‘ladi.

So‘nggi bosqich tanlovning Respublika bosqichi bo‘lib, har yili noyabr—dekabr oylari davomida “O‘zbek adabiyoti bilimdoni”, “Jahon adabiyoti bilimdoni”, “She’riyat” hamda “Buyuk mutafakkir va adib” kabi 4 ta shart bo‘yicha o‘tkaziladi.

Tanlovning Respublika bosqichida 1-o‘rinni egallagan 3 ta yosh toifasidagi ishtirokchilarning har biri Prezident sovg‘asi sifatida yengil avtomobil, diplom va “Yosh kitobxon” statuetkasi bilan taqdirlanadi.

Uchta toifada 2-o‘rinni egallagan ishtirokchilarning har biri kompyuter jamlanmasi (monoblok), o‘zbek va jahon adabiyotining durdona asarlaridan iborat kitoblar jamlanmasi va boshqa qimmatbaho sovg‘alarga sazovor bo‘ladi. Uchta toifada 3-o‘rinni egallagan ishtirokchilarning har biriga 100 tadan o‘zbek va jahon adabiyotining durdona asarlari berilib, tashkilotchilarning maxsus sovg‘alarini qo‘lga kiritadi.