8-aprel kuni Astraxan shahrida Rossiya va O‘zbekiston OTM rektorlarining mintaqaviy konferensiyasi boshlandi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi ma’lum qildi.

Foto: Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi

Unda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari Uzoqboy Begimqulov boshchiligida vazirlik mutaxassislari va 20 ta OTM rektorlaridan iborat delegatsiya ishtirok etmoqda.

Mintaqaviy konferensiyada oliy ta’lim sohasida ikki tomonlama erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalasi muhokama qilinadi.

Jumladan, birinchi O‘zbekiston—Rossiya ta’lim forumida imzolangan hujjatlarni amalga oshirish hamda ikkinchi Rossiya—O‘zbekiston ta’lim forumini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish masalalari hamkorlar tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi delegatsiyasi Rossiya Fan va ta’lim vazirligi vakillari bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazadi, Astraxan shahridagi OTMlar faoliyati bilan tanishadi.

Ma’lumot uchun, 2018-yil 18-oktabr kuni Toshkentda O‘zbekiston – Rossiya ta’lim forumi o‘tkazilib, unda rossiyalik hamkorlar bilan jami 114 ta shartnoma va bitimlar imzolangan edi. Xususan, O‘zbekistonda RFning 6 ta nufuzli OTM filiali va 2 ta fakultetini ochish, 52 ta qo‘shma ta’lim dasturini joriy etishga kelishilgan.