4-aprel kuni taniqli fransiyalik aktyor Fransua Shatto O‘zbek davlat drama teatri rejissori Olimjon Salimov hamrohligida Samarqandga yetib keldi, deb O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi rasmiy veb-saytida xabar qildi.
Mehmonlarni Samarqand viloyati musiqali drama teatri direktori Kamoliddin Qorjovov kutib oldi. Moviy gumbaz ostidagi ertaklar shahri Samarqand, fransiyalik mehmonni o‘ziga shunchalik maftun etganki, u to‘g‘ri Registon maydoniga olib borishlarini iltimos qildi. Registon maydonida Ulug‘bek madrasasini ko‘zdan kechirarkan Shatto janoblari “Nahotki men shu yerda buyuk siymo obrazini yarataman. Bu katta mas’uliyat”, — degancha hayajonlarini yashira olmadi. Samarqand viloyati musiqali drama teatrida tayyorgarlik boshlab yuborildi.
Eslatib o‘tamiz joriy yilning 11—14-aprel kunlari Samarqand shahrida Fransiyadagi Temuriylar tarixi va san’atini o‘rganish assotsiatsiyasi tashkil topganligining 30 yilligini nishonlashga bag‘ishlangan xalqaro tadbirlar o‘tkaziladi. Fransiyaning “Komedii Fransez” teatri aktyori Fransua Shatto O‘zbek davlat drama teatri rejissori Olimjon Salimov sahnalashtirgan “Ulug‘bek” spektaklida bosh qahramon obrazida sahnaga chiqadi.
Izoh (0)