Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tasarrufidagi “O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan “Baxshi” xalqaro san’at festivaliga tuhfa sifatida “O‘zbekiston baxshilari” nomli kitob-albomi nashr etildi. Bu haqda Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati o‘zining Telegram kanalida xabar berdi.
Yangi majmuada O‘zbekistonda yashab ijod qilgan baxshi-shoir va oqinlarning ijodiga oid ma’lumotlar, ular ijro etgan termalardan namunalar va fotosuratlar jamlangan.
Albomga Ergash Jumanbulbul o‘g‘li, Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li, Bola baxshi, Islom shoir Nazar o‘g‘li, Qodir baxshi Rahim o‘g‘li kabi 10 ga yaqin ustoz baxshilar, Shoberdi Boltayev, Qahhor Rahimov, Qora baxshi Umirov, Abdunazar Poyonov, Yetmishboy Abdullayev, Gulbahor Aqimbetova kabi 20 dan ortiq mustaqillik yillarida “O‘zbekiston xalq baxshisi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan baxshilar haqida ma’lumotlar kiritilgan.
Shuningdek, ustoz baxshilardan doston aytish sirlarini o‘rganib, yosh bo‘lsa-da ko‘plab yutuqlarga erishayotgan Feruz Normatov, Ilhom Norov, Janibek Piyazov, Lola Mahammaddinova, Salamat Ayapov kabi 5 nafar baxshichilik san’atining navnihollari haqida ham qiziqarli materiallar o‘rin olgan.
Kitob-albomning taqdimot marosimi 6-aprel kuni Termiz shahrida xalqaro festival doirasida xorijiy va mahalliy olimlar ishtirokida o‘tkaziladigan ilmiy-amaliy anjumanda bo‘lib o‘tadi.
Izoh (0)