Qashqadaryo-Surxondaryo baxshichilik maktabining yirik namoyondasi Shernazar baxshi do‘mbirasidan uning nevarasi – O‘zbekiston xalq baxshisi Xo‘shvaqt Mardonaqulov foydalanib kelmoqda. Bu haqda festival matbuoti xizmati vakili “Daryo”ga xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, “Sherna Jyurik”, “Xizr nazar solgan baxshi”, deya e’tirof etilgan Shernazar baxshi O‘zbekiston baxshichilik san’atiga katta hissa qo‘shgan. Uning bugungi kunga qadar 46 ta Go‘ro‘g‘li turkumiga mansub va o‘nga yaqin mualliflik dostonlari bor. Uning do‘mbirasi 100 yildan beri ishlatilib kelinmoqda.
“Shu vaqtga qadar Shernazar baxshi qabri qayerda ekani bilan rahbarlarimiz qiziqmagan, hatto bilmagan ham. Baxshichilik san’ati rivojiga e’tibor ortgani tufayli Shernazar baxshi mangu qo‘nim topgan maskan obod qilindi”, – deydi Surxondaryo viloyati hokimi o‘rinbosari, festival ishchi guruh rahbari Ro‘zimurod Choriyev.
O‘zbekiston xalq baxshilari Shoberdi baxshi Boltayev, Shodmon baxshi, Abdunazar Poyonov, Xo‘shboq bobo Mardonaqulov va boshqa bir qator baxshilar Shernazar baxshining boy madaniy merosini keng targ‘ib etib, boyitib, kuylab kelmoqda.
Izoh (0)