Osiyo taraqqiyot banki (OTB) 2019-yilda O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti o‘sish miqdorini yanada oshirdi, deb yozadi Sputnik.
“2019-yilda O‘zbekistonda YaIM o‘sish sur’ati 5,2 foizgacha oshadi. O‘tgan yil sentabrda ushbu ko‘rsatkich 4,9 foizga chiqishi taxmin qilingan edi. Shuningdek, 2020-yilda O‘zbekiston iqtisodi o‘sish sur’ati 5,5 foizni tashkil qiladi”, — deyilgan OTB xabarida.
OTB 2018-yilda O‘zbekistonda YaIM o‘sish sur’ati 5,1 foiz darajasida bo‘lishini qayd qilgan edi. 2019-yilda esa O‘zbekiston iqtisodi o‘sishi asosan investitsiyalar, qishloq xo‘jaligi va eksport hajmi o‘sishi hisobidan bo‘lishi aytilmoqda.
Xususan, mahsulot eksporti o‘sishi 10 foizga, 2020-yilda 12 foizga oshishi kutilmoqda. Bundan tashqari oltin narxi oshishi va tabiiy gazga Xitoy tomonidan talabning barqaror saqlanib qolishi ham YaIM o‘sishiga xizmat qilishi aytilmoqda.Shu bilan birga inflyatsiya, kredit to‘lovlari oshishi va to‘lov balansi taqchilligi kabi iqtisodiy xavflar ham albatta saqlanib qoladi, lekin biroz kamayadi.
Xususan, to‘lov balansi taqchilligi hozirgi 7 foizdan 2020-yilga kelib 6,5 foizga, inflyatsiya esa 2018-yilda qayd etilgan 17,9 foizdan 2019-yilda – 16 foizga va 2020-yilda – 14 foizga tushishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, mart oyining boshida Xalqaro valyuta fondi ham O‘zbekistonda investitsion faollik tufayli YaIM 5,5 foizga o‘sishini taxmin qilgan edi. O‘zbekiston hukumati esa 2019-yilda iqtisod o‘sishi 5,4 %, inflyatsiya 15,5 % miqdorida bo‘lishini kutmoqda.
Izoh (0)