O‘zbekistonga Turkiyaning Sog‘liq bilimlari universiteti rektori, professor Jevdet Erdol boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi “Daryo”ga xabar berdi.
1903-yilda tashkil etilgan mazkur universitet Turkiyadagi yagona ixtisoslashgan tibbiyot universiteti, shuningdek, Yevropaning yetakchi ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi.
Delegatsiyaning O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tgan. Mamlakatning tibbiyot oliy o‘quv yurtlari rektorlari ishtirok etgan muloqotda tibbiy ta’lim sohasida aloqalarni yanada kengaytirish va rivojlantirish, hamkorlikda ilmiy-ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazish imkoniyatlari muhokama qilingan.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston tibbiyot oliy o‘quv yurtlari hamda Turkiya Sog‘liq bilimlari universiteti o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumlari imzolangan. Jumladan, tomonlar bakalavr va magistrantlarning akademik almashinuvini tashkil etish, professor-o‘qituvchilar va doktorantlar uchun malaka oshirish, turk universitetining filiali bazasidagi shifoxonalarda yozgi amaliyot o‘tash va qo‘shma tadqiqot loyihalarini amalga oshirish borasida qator kelishuvlarga erishgan.
Bundan tashqari, 2019/2020-o‘quv yilida Buxoro davlat tibbiyot instituti bazasida Turkiya Sog‘liq bilimlari universiteti qoshidagi Oliy tibbiyot maktabining filialini tashkil etish to‘g‘risida kelishuvga erishilgan. Buxoro davlat tibbiyot instituti hududida mazkur tibbiyot universitetining klinikasi ham ochiladi. Ta’kidlash joizki, ikki tibbiyot oliy o‘quv yurtlari o‘rtasidagi hamkorlik o‘tgan yildan buyon izchil rivojlanmoqda. Talabalar va o‘qituvchilarning ilmiy almashinuvi borasida faol ish olib borilmoqda. Hozirga kelib, ana shu hamkorlik samarasi o‘laroq Buxoro davlat tibbiyot institutining 40 nafardan ziyod professor-o‘qituvchi va talabalari Turkiyada ta’lim olgan.
Delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifi davom etmoqda.
Izoh (0)