Xonanda Shahzoda Kreml Davlat saroyida ommabop musiqa sohasida Bravo xalqaro professional musiqa festivalining mehmoni bo‘ldi. Tadbirdan oldin “Sputnik” muxbiri Shahzoda bilan musiqa, kinodagi rollari, o‘zbek shou-biznesining o‘ziga xos xususiyatlari hamda farzandlarining orzulari haqida suhbatlashdi.
Rep va politsiya haqidagi orzular
— Nima uchun O‘zbekistonda kamdan kam konsert berasiz? Ko‘plab muxlislaringiz bir necha yillar davomida konsertlaringizni kutadi.
— Ha, men ko‘p marotaba chiqish qilaman, xususan har yili “Xalqlar do‘stligi” saroyida yetti kunlik konsert beraman. Faqat o‘tgan yili tanaffus oldim, ammo tinim bilganim yo‘q. Poytaxtda yetti kunlik konsert o‘rniga viloyatlarda konsert berdim, respublikamizning 12 ta viloyatida bo‘ldim.
— Qaysi shahar mehmondo‘stligi bilan ko‘nglingizni zabt etdi?
—Albatta ona shahrim — Farg‘ona. Bu yerda meni hamisha iliq kutib olishadi. Andijonda juda yaxshi qarshi olishdi. Juda xush yoqdi. Lekin men hamisha Toshkentga qaytishni yaxshi ko‘raman.
— Humo Arena’da ham konsert berishga chaqirishdimi?
— Ha! Men Humo Arena ochilish marosimida bo‘ldim. Juda hashamatli, o‘ta go‘zal bino.
— Katta rasmiy konsertlarda kamdan kam ishtirok etasiz. Nega?
—Toshkentda bo‘lganimda bajonidil ishtirok etaman. Lekin afsuski, ish rejam juda tig‘iz, men doimo safarlarda bo‘laman. Mana hozir ham Toshkentda Navro‘z ayyomi. “Shahzoda nega yo‘q?”, — degan savol tug‘ilishi mumkin. Nega deganda Shahzoda Bravo mukofoti taqdimotida! Ba’zan shunday bo‘lib turadi.
— Litsenziyaga bo‘lgan talablari va aniq qoidalari bilan “O‘zbekkonsert” faoliyati ijod erkinligiga qanchalik mos keladi?
— “O‘zbekkonsert” bilan munosabatim juda iliq va yaxshi. O‘ylaymanki, bizda sanatkor istagan narsasini ijodiy yondashgan holda amalga oshira oladi. Cheklovlarga kelsak... kanallarda allaqanday senzura bor. Lekin inson istasa o‘z videosini bemalol YouTube’ga joylashi mumkin. Bu yerda o‘z mentaliteti, tarbiyaviy xususiyatiga ega sharqona mamlakatligimizni tushunish lozim. Ehtimol bir necha yil oldin bu holat menda qattiq e’tiroz tug‘dirardi ham. Lekin mening ham farzandlarim ulg‘ayayotgani bois, men buni baribir to‘g‘ri deb bilaman.
— Farzandlaringizning sanatkor bo‘lish istagi bormi?
— To‘ng‘ich o‘g‘lim Solih Plexanov nomidagi iqtisodiyot universitetini tamomlamoqda. Biroq negadir o‘z kasbi bo‘yicha ishlashni xohlamayapti, rep o‘qishni istamoqda. O‘zi matn yozadi. Biroq men uni bunda qo‘llab-quvvatlashga uncha tayyor emasman. Menga doim san’atkorlik erkakka xos kasb emasdek tuyulgan. Men Solihga doim: “Bu sening hobbing bo‘lib qolsin”, — deyman.
— Ikkinchi o‘g‘lingiz, Xolid ham xonanda bo‘lmoqchimi?
— Umid qilamanki, istamaydi. U Britaniya maktabida tahsil oladi, ingliz tilida burro gapiradi. Xolid ona tilini esdan chiqarmasligi uchun faqat o‘zbek tilida gapiradigan va rus tilini bilmaydigan enagani ishga olganman. O‘g‘lim besh yoshida uch tilni mukammal biladi. Keyinchalik katta sinflarda yana bir til qo‘shiladi.
— Xullas, Xolid kim bo‘lishni xohlaydi?
— Kuni kecha undan bu haqda so‘radik va javobi hayron qoldirdi. U politsiyachi bo‘lishni xohlashini aytdi. Negaligini bilmayman. Ba’zan u uyg‘onib “Bugun meni qirol deb chaqiringlar!”, deydi. Undan har kuni turli g‘oyalar chiqadi.
Shou-biznes sinov maktabi singari
— O‘zbek shou-biznesi Rossiya shou-biznesidan nimasi bilan farq qiladi? — Oldinlari matn va ma’noga katta e’tibor qaratilar edi. Va bunday qo‘shiqlar umrboqiy bo‘lib qoldi. Ularda ma’no va jon bo‘lgan. Yangi qo‘shiqlar orasida ham menga yoqadigani bor. Lekin bu qo‘shiqlar uzoq yashashiga ishonchim komil emas. Menimcha, O‘zbekistonda qo‘shiq ko‘proq qalbdan kuylanadi.
— Ota-onalar ham bu qo‘shiqni aytishga uyalmaydi.
— Ha, men hech kimni tanqid qilmayman. Ayniqsa, o‘g‘lim yaqinda rep aytadi. Buning oxiri nima bo‘lishini bilmayman.
— Ehtimol, uning repertuaridan biror narsa tinglagandirsiz?
— Ha. Lekin men yomon narsa eshitganim yo‘q. O‘ylamanki, hammasi to‘g‘ri yo‘nalishda ketadi. Bunga dildan umid qilaman.
— Shu yo‘lga endi qadam qo‘yayotgan yosh qo‘shiqchiga qanday maslahat bergan bo‘lardingiz?
— San’atkor bo‘lish katta mehnat talab etadi, degan bo‘lardim. Televizorda go‘zal kartina ko‘rsatilganda, uning ortida ulkan mehnat yotgani ko‘rinmaydi. Birinchi navbatda inson o‘zi ustida mehnat qilishi lozim. Shou-biznes — bu hayot uchun kurash. Men qariyb 20 yil sahnadaman, tajribam bilan o‘rtoqlashishim, biron maslahat berishim mumkin. Lekin men hamisha insonni xafa qilib qo‘yishdan qo‘rqaman. Yoshlarda o‘ziga bo‘lgan ishonch juda yuqori. Deylik, yosh sanatkor o‘zini juda zo‘r qo‘shiqchi hisoblaydi. Va kutilmaganda unga: sen hali g‘o‘rsan, deya haqiqatni aytishadi. Kimdir bu vaziyatda sinadi, kimdir esa yanada kuchliroq bo‘ladi.
Samolyotga o‘zim bilan kitob olaman
— Yoshlar ko‘proq kitob o‘qishlari uchun nima maslahat bergan bo‘lardingiz?
— Tarbiyani oiladan boshlash kerak. Otam — falsafa fanlari doktori, ularda katta kutubxona bo‘lgan. U menga doim badiiy adabiyotni o‘qishni aytardi. Biroq men ko‘proq psixologiya bilan qiziqardim.
— Kitob o‘qish uchun ko‘p vaqt qoladimi?
— Ha, albatta! Men bo‘sh vaqtimda albatta, kitob o‘qiyman. Masalan, parvozlar paytida.
— Kinoda keyingi rolingizni qachon kutish kerak?
— Men kino syemkalarni juda sog‘indim. Shunday davrlar bo‘lgan, men rol tanlamaganman. Hozir ham vaqt topishim mumkin, lekin ssenariy juda ajoyib bo‘lsagina.
— Siz o‘ynagan eng sevimli filmingiz qanday?
— Bu ehtimol “Fotima va Zuhra” filmidir. Kartina menga nafaqat O‘zbekiston, balki Kavkazda ko‘proq mashhur qilib yuborgan. Hatto tomoshabinlar konsertlarimga xonandaligim uchun emas, balki men ijro etgan qahramon Zuhrani tomosha qilish uchun kelgan.
Izoh (0)