AQShning JOHN DEERE kompaniyasi vakillari “O‘zagrotexsanoatxolding” aksiyadorlik jamiyatiga tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Uchrashuvda tomonlar qishloq xo‘jaligi mashinasozligi sohasida hamkorlikda amalga oshirilgan ishlar va yaqin istiqboldagi vazifalar xususida fikr bildirgan.
“O‘zagrotexsanoatxolding” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi “Agrotexmash-DD” mas’uliyati cheklangan jamiyati JOHN DEERE brendi ostida turli rusumdagi traktorlar, paxta terish mashinalari ishlab chiqarmoqda. 2018-yilda korxonada 300 dona traktor va paxta terish mashinalari ishlab chiqarilib, hududlardagi dehqon va fermer xo‘jaliklariga yetkazib berilgan.
“‘Toshkent qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi’ aksiyadorlik jamiyati va JOHN DEERE kompaniyasi o‘rtasida imzolangan shartnomaga muvofiq, umumiy qiymati 32,4 million dollarlik 500 dona traktor ishlab chiqarish yuzasidan sa’y-harakatlar olib borilmoqda, – deydi “O‘zagrotexsanoatxolding” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Muxtor Karimov. – Bu, o‘z navbatida, dehqonning og‘irini yengil, hosilining barakali bo‘lishida muhim ahamiyat kasb etadi”.
Tashrif doirasida mehmonlar “O‘zKlaasAgro” O‘zbekiston–Germaniya qo‘shma korxonasi faoliyati bilan ham yaqindan tanishgan. Ularga bu yerda amalga oshirilayotgan yangi loyihalar, yaratilgan sharoit haqida batafsil ma’lumot berilgan.
Izoh (0)