“Moskva go‘zali — 2018” tanlovi g‘olibi Alesya Semerenko unvonsiz va tojsiz qoldi. Bu haqda Sputnik xabar berdi.
Shou direksiyasi bunga qizning shartnomaga amal qilmaganligini sabab qilib ko‘rsatmoqda. Uning o‘rnini “Birinchi Vitse-Moskva go‘zali” Kseniya Palenova egallaydi.
Bunday hol tanlovning 23 yillik tarixida ilk bor ro‘y bergan.
“Tanlov g‘olibi yil davomida juda ko‘p tadbirlarda, ayniqsa xayriya tadbirlarida qatnashishi kerak. Alesya Semerenko esa tanlovdan keyin uch oy o‘tgach, birorta tadbirga kelmadi. Qo‘ng‘iroq qilsak, javob bermaydi. Javob berganda ham doim kasal ekanini, o‘zini yomon his qilayotganini aytadi. Lekin Instagram’da juda faol, rasmlarini tez-tez ko‘rib turamiz”, — deydi “Moskva go‘zali” tanlovi direktori Tatyana Andreyeva-Falk.
https://www.instagram.com/p/Br0RwaVHNhd/?utm_source=ig_embed
Andreyeva-Falkning so‘zlariga ko‘ra, Semerenko tanlovga tayyorgarlik jarayonida ham deyarli qatnashmagan. “Xoreograf hayratda qolgan”.
“Biz uning finalgacha chiqish masalasini uzoq o‘yladik, ba’zan tanlovdan chetlatish fikri ham kelgan. Lekin qiz juda go‘zal. Shuning uchun chetlatilmagan. Hakamlar hay’ati ham uni tanlagan. U haqiqatan ham chiroyli, lekin chiroyga qo‘shimcha yana nimadir ham bo‘lishi muhim. Chiroydan boshqa barcha narsaga tupurib qo‘yish esa yoqimsiz hol”, — deydi tanlov direktori.
https://www.instagram.com/p/BsDanVzHcxF/?utm_source=ig_embed
Uning aytishicha, Semerenkodan “tojni zo‘rg‘a olishgan”.
“Toj singan. Uni ta’mirlash kerak. U qimmatbaho edi: tilla suvi yugurtirilgan kumushdan qilingan. Yarim qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan”, — deydi Andreyeva-Falk.
Qiz bo‘lib o‘tgan voqea yuzasidan Instagram’da g‘azabga to‘la post qoldirgan. Uning aytishicha, tojni u sindirmagan: “shaxsan o‘z qo‘li bilan” ofisga olib borgan, ular esa tojni xursand bo‘lib qabul qilgan.
“Birorta tadbirda qatnashmabman? O‘tkazilmagan tadbirdami?! Umuman qanday tadbir haqida gap ketyapti? Bizda hatto tadbirga tayyorgarlik ham bo‘lmadi-ku, garchi juda ko‘p narsa va’da qilingan bo‘lsa ham. Meni hech kim hech qayerga chaqirmadi. Telefonim esa faqatgina bir hafta ta’mirda bo‘lgan payt aloqada bo‘lmadim, xolos. Instagram’da 24 soat aloqada bo‘lsam ham, u yerdan menga hech kim yozmadi. Ularda mening kontakt ma’lumotlarim bor edi!”Qiz uni toj va unvondan mahrum qilishlari uchun boshqa sabab borligini ishonch bilan aytgan, ammo aynan qaysi sabab ekanini e’lon qilmagan.
“Faqat bir narsani aytishim mumkin. Kimgadir men toj kiyishim yoqmagan. Agar ularga shu qulay bo‘lsa, mayli, tojni Palenovaga beraverishsin. U tojni sindirmasdan asray olsa kerak. Qanday qilib bunchalikka borish mumkin?! Buni o‘ylab topgan odamga uyat! Xayp uchun esa rahmat. Reklama va syomkalarga taklif ko‘paydi”, — deydi Semerenko o‘z postida.⠀⠀⠀⠀
Eslatib o‘tamiz, 24 yoshli Alesya Semerenko tanlovda g‘olib bo‘lgach, go‘zallik va aql yonma-yon bo‘lmagan xislat degan fikrga qarshi kurashishga qaror qilgan edi.
Izoh (0)