“Daryo” kolumnisti, HotelPro eksperti Dilshod Odilov tashkilot egalariga xodimlar bilan ishlash borasida o‘z maslahatlarini beradi.
Hayotingizda kimdir sizga va’da berib, bajarmay qolgan vaqtlar bo‘lganmi? Do‘stlaringiz yoki partnerlaringiz so‘z berib, oxirgi vaqtda bajara olmay qolgan vaqtlar bo‘lganmi? O‘shanda nimalarni his qilgansiz? Odamlarga nisbatan ishonchingiz so‘nib, boshqa ishlamaslik haqidagi fikrlar kelganmi? Xuddi shunday vaziyat siz va xodimingiz orasida ro‘y berishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak.
Va’da berib, bajarmaslik ish beruvchi va xodim orasini sovutadigan eng asosiy sabablardan biridir. Agar xodimlaringizda norozilik kayfiyati sezilsa, o‘ziga yuklatilgan vazifani sidqidildan bajarmayotganini sezsangiz, buning sababi qachondir bergan va’dangiz yodingizdan ko‘tarilgani bo‘lishi mumkin.
Ish beruvchilar xodimni olayotganida turli va’dalar beradi. Boshlanishiga kichikroq ish haqi taklif qilinib, keyinchalik oylikni ko‘tarib berish va’dasi, xodim yaxshi ishlasa, qo‘shimcha bonuslar chiqarib berish va’dasi, ish sharoitini yaxshilab berish va’dasi, ma’lum vaqt o‘tgandan keyin xodimning martabasini oshirish va’dasi shular jumlasidandir. Xodimlar bu va’dalarni unutmaydi. Ko‘pincha xodimning siz bergan ishni qabul qilishida ham kelajak va’dalari katta rol o‘ynaydi.
Xodim hozirgi holatda taklif qilgan sharoit va ish haqingiz unga to‘liq to‘g‘ri kelmasa ham kelajakdagi va’dalarni inobatga olgan holda ishlashni boshlaydi. Ish jarayonida o‘sha va’dalar bajarilishini kutadi. Va’da bajarilmasligi o‘z-o‘zidan xodimning kayfiyatiga ta’sir qila boshlaydi. Ish joyiga, ish beruvchiga nisbatan ichki norozilik, isyon kayfiyati vujudga kela boshlaydi. Inson xarakteri turlichaligini inobatga olsak, ba’zi xodimlar yurak yutib, ish beruvchiga va’dasini eslatib ko‘radi, ba’zilar esa va’da bajarilishidan umidini uzib, o‘zi bilgan-bilmagan holatda alamini mijozlardan olishni boshlaydi. Natijada norozi mijozlar ko‘payadi. Mijozlar ham xodimingizdan norozi bo‘lganini ba’zan sizga bildiradi, ba’zilari shunchaki raqobatchingizga ketib qoladi. Oqibatda biznesingiz zarar ko‘radi. Bir xodimning oyligini, aytaylik, 200 000 so‘mga oshirib berish va’dasini unutganingiz natijasida millionlab so‘m foyda keltiradigan mijozingizni yo‘qotib qo‘yishingiz mumkin.
Mehmonxonalar xodimlariga ish o‘rgatish paytida ishchilar bilan ham, ish beruvchi bilan ham suhbatlashamiz. Kuzatuvimiz ba’zi xodimlar ish jarayonida norozilik kayfiyati sezilsa, sababi berilgan va’daning bajarilmagani bo‘lib chiqayotganini ko‘rsatmoqda.
Va’dangizni unutmagan, balki xodim uchun u kutganidan ham a’lo syurpriz tayyorlayotgan bo‘lishingiz mumkin. Lekin o‘sha syurpirizingiz amalga oshguncha xodim kelib boshqa ish topganini yoki oilaviy sharoiti tufayli ishdan ketishga majbur bo‘lib qolganini aytsa, bilingki, xodimning va’daning bajarilishini kutishga sabri yetmadi, siz esa vaqtida xodimga yaratmoqchi bo‘lgan sharoitlaringizni u bilan o‘rtoqlashmadingiz.
Oylab, balki yillab vaqt sarflab tayyorlagan kadringiz raqobatchingizga ketib qolishiga yo‘l qo‘ymang. Raqobatchiga ketgan xodim nafaqat tayyor kadr, balki yo‘qotilgan mijozlar bazasi, yangi, tajribasiz xodimga sarflanadigan vaqt va mablag‘ demakdir. Bunday holat yuz bermasligi uchun xodimlaringiz bilan ko‘proq suhbatlashing, qo‘lingizdan kelgancha maishiy muammolarida moliyaviy yordamingizni ayamang. Siz uchun arzimagan summa xodimingizning bir ishini bitirib beriadi, bu uning sizga bo‘lgan hurmatini oshiradi. Xodimda ko‘rsatgan yordamingizni oqlash mas’uliyati paydo bo‘ladi. Motivatsiyasi kuchaygan xodim siz ko‘rsatgan e’tiborni mijozingizga ko‘rsatadi, siz ko‘rsatgan e’tiborni oqlashga sidqidildan harakat qiladi.
Xodimlarga berilgan va’dalaringizni eslang. Bajarish vaqti kelgan bo‘lsa, albatta bajaring. Rejangiz o‘zgargan bo‘lsa, xodimga ma’lum qilib qo‘ying. Xodimingiz ko‘z oldida doim aytgan gapining ustidan chiqadigan ish beruvchi imijini saqlab turing. Unutmang, har qanday muammoni xodim bilan dildan, ochiq suhbat orqali hal qilish mumkin. Ana shunda sadoqatli xodimlaringiz bilan bir jamoa bo‘lib, biznesingizni yanada yuqori cho‘qqilarga olib chiqa olasiz.
Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.
Izoh (0)