Dehlida o‘tgan o‘zbek musiqa va moda festivalida hindistonlik taniqli dizayner, Ritu Beri brendi asoschisi Ritu Beri O‘zbekistonning Hindistondagi madaniyat turizmi elchisi etib tayinlandi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Ritu Beri “Hindiston modasining birinchi xonimi” sifatida tanilgan. U Parijda o‘z kolleksiyasini namoyish etgan birinchi hind dizayneri hisoblanadi. Mashhur kino yulduzlari Nikol Kidman, Letitsiya Kasta, Madxuri Diksit va boshqalar Ritu Beri asos solgan liboslarni kiyadi.
Ritu Beri, shuningdek, hashamat sohasida ijodkorlik va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlovchi The Luxury League notijorat tashkiloti asoschisidir.
Festivalda u an’anaviy o‘zbek liboslari uslublaridan foydalanib ushbu tadbir uchun maxsus tayyorlangan kiyimlar to‘plamini namoyish etgan.
Tadbirda Ritu Beri O‘zbekistonning Hindistondagi “Madaniyat turizmi elchisi” etib tayinlangani e’lon qilinib, unga O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan maxsus sertifikat va esdalik sovg‘asi topshirilgan.
Festivalda so‘zga chiqqan dizayner o‘ziga bildirilgan bunday yuksak ishonch uchun O‘zbekiston tomoniga chuqur minnatdorlik izhor etgan. Yaqinda O‘zbekistonga qilgan safari chog‘ida u mamlakatdagi turizm va madaniyat sohasidagi ulkan salohiyatiga guvoh bo‘lganini, Hindistonda uni targ‘ib qilish uchun bor kuch-g‘ayratini safarbar etishga tayyor ekanini ta’kidlagan.
Ritu Beri o‘zbek tarixiy-madaniy merosining katta muxlisidir.
Shuningdek, u O‘zbekiston hind oilalari uchun eng maqbul sayyohlik yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidlab, barchani O‘zbekistonga borishga chorlagan.
Izoh (0)