Toshkentda Humo Arena ko‘p tarmoqli muz saroyining tantanali ochilish marosimi bo‘ldi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Tadbirda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, barchani ushbu voqea bilan tabrikladi.

O‘zbekiston davlat madhiyasi yangrab, mamlakat bayrog‘i ko‘tarildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ochilish marosimi sportchi va san’atkorlar hamkorligida tayyorlangan shou dastur bilan davom etdi. Muz maydoni sathida 3D mepping texnologiyasi asosida Humo qushi, bu yerda o‘tkaziladigan sport turlari tasviri namoyish etildi.

Sportchi yoshlar hamda bolalar ko‘rgazmali chiqishlar qildi. O‘zbekistonning yosh sportchilari va mashhur xokkeychilar o‘rtasida o‘rtoqlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Humo Arena yuqori toifali sportchilarni tayyorlash, yirik xalqaro musobaqalarni o‘tkazish, eng muhimi, yoshlarni sportning qishki turlariga ham keng jalb etishda muhim omil bo‘ladi.

Shuningdek, ko‘p tarmoqli sport-ko‘ngilochar inshooti sifatida barcha aholi qatlamlarining jismoniy va madaniy kamolotiga xizmat qiladi. Kelgusida bunday majmua va markazlarni mamlakatning boshqa hududlarida ham qurish ko‘zda tutilgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Marosimda Xalqaro xokkey federatsiyasi prezidenti Rene Fazel, dunyoga mashhur sportchi va san’atkorlar ishtirok etdi.