Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatovning Prezident maktablari haqidagi chiqishi va farzandi Prezident maktabida o‘qishini istagan o‘zbekistonlik ota-onalarga bergan maslahati turli fikr-mulohazalarga sabab bo‘ldi.

Foto: “Gazeta.uz”

Shunday fikrlardan biri O‘rol Sodiq tomonidan bildirilgan bo‘lib, u “Ishonch” nashrida chop etilgan. Quyida ushbu murojaat to‘lig‘icha berildi.

Hurmatli vazir janoblari!

Ushbu xatni yozishimga Sizning Facebook’dagi sahifangizda Prezident maktablari haqidagi chiqishingiz va unga bildirilgan fikrlar sabab bo‘ldi.

Prezident maktablari g‘oyasi ta’lim tizimimizda keskin burilish yasashi aniq. Axir, farzandlarimiz siz aytganday, BMTning oltita rasmiy tilidan kamida ikkitasini o‘rgansa, bu bizning muvaffaqiyatimiz. Til o‘rganish hech zamonda zarar keltirmagan, bu ham haqiqat. Lekin biz tilning madaniyat tashuvchi vosita ekanligini hisobga olsak, masala jo‘n emasligi ko‘rinadi. Har bir millat va elat madaniyati, turish-turmushi uning tili orqali shakllanadi. Aynan shuning uchun ham Sizning da’vatingiz meni o‘yga toldirdi.

Birinchidan, “Farzandingizni Prezident maktablarida o‘qishini istasangiz, ingliz tilini o‘rgatishni boshlang!..” degan chorlov hammaga ham ma’qul kelmagani shubhasiz. Siz buni ijtimoiy tarmoqlarda bildirilgan fikrlardan ham payqagan bo‘lsangiz kerak.

Ikkinchidan, til o‘rganishni davlat qo‘llagani, rag‘batlantirgani yaxshi, lekin u imtiyoz yo‘lida shart, garov qilib qo‘yilmasligi lozim. Biz ona tilimiz, milliy-diniy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz oyoqosti qilingan, xo‘rlik-sitamlarni boshidan o‘tkazgan xalqmiz. Mus­taqilligimizga 28 yil, “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilganimizga 30 yilga yaqin vaqt bo‘layotgan esa-da, tilimiz hali-hamon biz istagan darajada o‘z nufuziga ega bo‘lganicha yo‘q.

Buyuk ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy yozganidek, “Har bir millatning dunyoda borlig‘ini ko‘rsatadurgan oyinai hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdur”. Yoki yana bir ulug‘ ma’rifatparvar ajdodimiz Alixonto‘ra Sog‘uniy aytgan mana bu fikrlarga e’tibor bering: “Arabcha, forsiychalarni yozish-so‘zlashgina emas, balki, bu ikki tilda kitob yozish, she’r aytish qobiliyati menda bo‘lsa ham, o‘z turkiy ona tilimni boshqa tillardan ortiqroq ko‘rdim. Chunki, qaysi bir millatning ona tili o‘z hojatini o‘tayolmay, boshqa yot tillar oldida mag‘lubiyatga uchrab tiz bukar ekan, unday millat ko‘p uzoqlamay, insoniy tuyg‘ularidan ajragan holda hayot daftari ustiga inqiroz qalami chekilishi shubhasizdir. Unday millatlar yolg‘izgina Vatanlaridan emas, balki butun borlig‘i bilan tarix yuzidan yo‘qolishga majbur bo‘ladi”. Bu hayotda o‘z tasdig‘ini topgan haqiqatdir. Shu bois, milliy manfaatlari to‘kis ta’minlangan, deb aytiluvchi AQShda ham bu masalaga jiddiy e’tibor qaratilgan. Xususan, yirik siyosatshunos Patrik Byukenen Amerika inqirozi haqida gapirib, bir o‘rinda shunday deydi: “…Mamlakat maktablarida faqat ingliz tilida darslar borishini talab qilishimiz shart. Chunki ikki tillilik, ma’lum ma’noda bir davlat hududida ikki madaniyat, hatto ikki mamlakat borligini anglatadi…”.

Biz dunyo tillarini bilish, o‘rganish yaxshi fazilat ekanini takror qayd etgan holda, ona tili har bir millat uchun ulug‘ va mo‘tabar ekanini ta’kidlamoqchimiz. Demak, har bir inson uning sofligini asrash va yanada boyitish uchun kurashmog‘i lozim.

Sizning Facebook’dagi sahifangizda murojaatnoma sifatida chiqishingiz menda mavzu yuzasidan ayrim taklif, mulohazalarni uyg‘otdi.

Avvalo, Prezident maktablari milliy maktab maqomida tashkil etilmog‘i lozim. Mazkur maktablarga farzandlarimiz yetti yoshdan qabul qilinib, ingliz tili birlamchi shart sifatida qo‘llanilmasa, chunki o‘zga bir tilni, jumladan, ingliz tilini bilish iste’dod va qobiliyatni aniqlashning asosiy barometri sanalmaydi. (Illo, buni siz ham anglasangiz kerak.)

Ushbu maktablar uchun maxsus milliy ta’lim dasturi va metodikasi ishlab chiqilsa maqsadga muvofiq. Unga ko‘ra, ta’lim dasturining o‘zagini ona tili va adabiyot, tarix (milliy va dunyo tarixi) egallasa. Va, albatta, chet tillar hamda aniq fanlar ham bundan mustasno emas. (Til va aniq fanlarni o‘rganish tajribasi esa bizda ilgari ham litseylar, maxsus maktablar ko‘rinishida bo‘lgan. Aytmoqchi bo‘lganim, bu yangilik emas).

Bu nima uchun kerak? Avvalo, shuning uchunki, bizga qariyb 100 yildan ortiq davr davomida tariximiz noto‘g‘ri o‘rgatib kelindi. Uning ko‘plab sahifalari bizdan bekitildi. Tilimiz va adabiyotimiz ham mustabid mafkura xohishiga mos ravishda o‘qitildi.

Muddaomiz, maktabda davlatchiligimiz va xalqimizning shonli tarixi, xalq og‘zaki ijodi namunalari, milliy qahramonlarimiz hayoti chuqur o‘rgatilsa…

Va nihoyat, eng muhim masala, mazkur maktabning bosh g‘oyasi yangi avlodni shakllantirishga yo‘naltirilib, butun e’tibor milliy ruhi butun, millatimizni va vatanimizni sevuvchi, vatanparvar va millatparvar farzandlar tayyorlashga qaratilsa…

Dunyoni g‘oyalar boshqaradi va tutib turadi, deydi donishmandlar. Darhaqiqat, har qanday ­qudratli imperiyalar ham, farovon jamiyatlar ham g‘oyalar ustiga barpo etiladi. Shu ma’noda, Ona O‘zbekistonimiz ham milliy g‘oyamiz bilan ravnaq topajak. Siz tilga olgan Prezident maktablari o‘quvchilari ham, avvalo, o‘zbek bo‘lib, so‘ngra dunyoni o‘zbek bo‘lib idrok etib, milliy ruhda kamol topishi hammamiz uchun sharafli. Maktabni bitirgan yoshlar Prezidentimiz shakllantirayotgan Yangi O‘zbekistonning tayanch ustunlari bo‘lishadi.

Qolaversa, madaniyatlar qorishib borayotgan bugungi globallashuv davrida bir xalq, bir millat o‘laroq o‘zligimizni saqlab qolsak, bu bizning chin ma’nodagi g‘alabamiz bo‘ladi.