Novosibirskda O‘zbekiston fuqarosi Abduvohid Mirzaboyev ustidan sud jarayoni boshlandi. Federal xavfsizlik xizmati tergovchilari unga nisbatan IShID terrorchilik guruhi safiga yangi jangarilarni yollash va uni moliyalashtirish aybini e’lon qildi, deb yozadi “Podrobno.uz”.
Mirzaboyev 2016-yilda Farg‘ona kollejini tamomlab, ishlash uchun Sibirga kelgan. U keyinchalik Novosibirskka kelgan va qurilishlardan biriga ishga joylashgan. Bir necha yildan so‘ng IShID terrorchilari bilan aloqadorlikda gumonlanib, hibsga olingan.
Tergov materiallariga ko‘ra, Abduvohid 2018-yilning bahorida Telegram-kanal orqali vatandoshi Muhammad bilan yozishgan. Muhammad IShIDning ko‘p sonli bo‘linmalaridan biri — “Jamaat at-Tauhid val-Jihad” guruhi safida jang qilgan. U Abduvohiddan o‘q-dorilar va anjomlar xarid qilish uchun Qiwi-hamyonga pul o‘tkazishni so‘ragan va rekvizitlarni yuborgan.
Mirzaboyev terminal to‘lov orqali 133 rubl 84 tiyin o‘tkazgan va yana yuborishga so‘z bergan. Keyinchalik Mirzaboyevga yana ikki jihodchi pul so‘rab yoza boshlagan.
Sud jarayonining birinchi kunida Mirzaboyev IShIDga moliyaviy yordam ko‘rsatganligini tan oldi. Terrorchilik guruhi uchun yangi kadrlarni saralash aybini esa tan olmagan.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.
Izoh (0)