Korzinka.uz supermarketlari tarmog‘i asoschisi Zafar Hoshimov Telegram’dagi sahifasida qizg‘in munozaralarga sabab bo‘lgan “O‘zbekiston Respublikasidan eksport qilinadigan meva-sabzavot hamda tekstil mahsulotlarining kontrakt qiymatini monitoring qilish to‘g‘risida”gi qaror loyihasiga o‘z munosabatini bildirdi, deb yozadi Spot.
Zafar Hoshimov davlat qat‘iy ravishda eksportga narxlarni belgilash g‘oyasiga muntazam qaytayotganidan ko‘pchilik qatori hayratga tushayotganini ta‘kidladi va eksportchilar davlat korxonalari emas, balki fermerlar, agrofirma va tekstil kompaniyalari sanalishiga to‘xtalib o‘tdi: “Ularning juda ko‘pchiligi xususiy. Shunga muvofiq, ular ishlab chiqarayotgan mahsulotlar ham o‘zlarinikidir, ya‘ni nima qilishsa ham o‘zlari mulklarini idora qilish huquqiga egalar. Albatta, davlat eksport amaliyotining umumiy qonun-qoidalarini o‘rnatishi, valyuta, tarif va soliq nazorati kabilarni ham tayinlab, o‘rnatish huquqiga ega, bularning barchasi allaqachon mavjud. Biroq yana va yana davlat eksportga narxlarni belgilashni istamoqda. Nega?” — deydi tadbirkor.
U o‘tmishda aynan eksportga minimal narxlarning xuddi mana shunday tarzda nazorat qilinishi va o‘rnatilishi tufayli fermer va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari bir necha marta kasodga uchrab, ishlab chiqarayotgan mahsulotlarini eksportga samarali ko‘rsatkichlar bilan yetkazib bera olmaganini eslatib o‘tdi.
“Birgina misolni keltirib o‘tsam. O‘tgan yili juda yaxshi gilos hosili bo‘ldi. Bog‘bonlar to‘kin-sochin mavsum ilinjida juda xursand edilar. Biroq davlat gilosning 1 kilogrammini 4 dollardan past narxda eksport qilishni ta‘qiqlab qo‘ydi. Ammo gilosga belgilangan narxning tashqi konyunkturasi mutlaqo boshqacha edi. Men o‘zim shaxsan Rossiyadagi supermarketda 1 kilogramm gilos uchun 190 rubl (3 dollar) to‘lagan edim. Shundan kelib chiqadiki, Moskvadagi chakana savdoda gilosning kilosi 3 dollar edi, mansabdorlarimiz esa uni 4 dollardan past narxda eksport qilishni man qilishgan”, — deb yozadi Zafar Hoshimov.
Tadbirkorning qayd etishicha, u uchrashuvlarning birida yuqori mansabni egallab turgan davlat xizmatchilaridan biriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri savol berib davlat nega bunday yo‘l tutayotganini so‘ragan. Javob esa oddiy tarzda jaranglagan: “Biz fermerlar mahsulotlarini o‘rtakashlarga sotish orqali daromadlarini tushirib yuborishlarining oldini olishni istaymiz. O‘zlari mustaqil tovar yetkazib berishlari uchun eng unumli yo‘llarni izlashsin. Agar Rossiyada arzon bo‘lsa, boshqa joyga sotishsin”. Boshqa bir mansabdor esa qattiqroq sababni keltirgan: “eksportchilar ishlab topgan valyutalarining aksariyat qismini xorijda qoldirib, bizga esa olayotgan foydalarining faqat bir qisminigina ko‘rsatishlarini istamaymiz”.
“Agar o‘ylab qaralsa, ikkala javob ham umuman tanqidga bardosh bera olmaydi, avvalambor, mahsulot egasi unga to‘la egalik qiladi, oldingidagidey hozir valyuta daromadini majburiy sotish yo‘q, eksport esa soliqlardan holi, shu sababli davlat eksportchilar mahsulotlarini qanday tasarruf qilayotgani, daromadini qay tarzda taqsimlayotgani bilan ishi bo‘lmasligi kerak. Mantiqan o‘ylansa, qanday qilib va nima uchun soliq va majburiy sotishlar yo‘q bo‘lib turgan sharoitda oddiy fermer va ishlab chiqaruvchilar o‘z pullarini yashirib yurishlari kerak? Umuman olganda esa, Boltiqbo‘yi davlatlaridagi banklar bilan bog‘liq mojarolar va bo‘lib o‘tgan barcha korrupsion janjallardan so‘ng, shunisi aniqki, hamyurtlarimizning o‘z mablag‘larini chetda saqlashlari vatanimizda saqlashlaridan ancha xavotirli hamda qiyinroq bo‘lib bormoqda”, — deb ta‘kidlaydi korzinka.uz supermarketlari tarmog‘i asoschisi.
Zafar Hoshimov gilos yetilganidan so‘ng uzoq saqlanmasligini inobatga olinsa, fermerlar o‘tgan yilgi hosillarining aksariyat qismini ichki bozorda sotishganini taxmin qilish mushkul emasligi, ko‘pchilik aynan cheklovlar sabab hosilini import uchun 2 dollardan olishga tayyor bulgan xaridorlariga sota olmagani, bunday xaridorlar esa oxir oqibatda ichki bozorda 5000—7000 so‘mdan sotishga majbur bo‘lganini (1 dollardan kam) ta‘kidlab o‘tdi:
“Hosil mo‘l bo‘lgani ichki bozorda dehqonlarimizga qarshi ishladi. Biz tarmog‘imizda o‘tgan yilgi mavsumda gilosni o‘rtacha 5000—6000 so‘mdan xarid qildik, bu esa so‘nggi bir necha yil ichida rekord darajada past narx edi. Endi fermerlarning zararini bir hisoblab ko‘ring…”, — deb yozadi Hoshimov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bozorni tan olmaslik mumkin, ammo bu bilan bozor mavjud bo‘lmaydi, degani emas. Yuzaga kelgan vaziyat sabab mamlakatda Kavkaz mamlakatlaridan sayyor olibsotarlar paydo bo‘lgan va gilosni 0,5—0,8 dollardan sotib olgan, mahsulotni yuk qilib qo‘shni mamlakatlarga qing‘ir yo‘llar bilan, va yana, gilosni karam ostiga berkitib Qirg‘iziston va Qozog‘istonga olib chiqib, u yerdan hujjat qilib, Rossiyaga olib ketgan va u yerda baland narxda sotgan.
“Minimal belgilangan narxlar dehqon va ishlab chiqaruvchilarni hech qanday himoya qila olmadi. Natijada esa, mahalliy fermerlarimizni himoya qilish o‘rniga ularni olibsotarlar qarmog‘iga cheklovlarimiz bilan ilintirib berdik. Bunday egri yo‘llar bilan sotilgan molning daromadi esa bizga qaytib kelmasligi endi aniq. O‘zimiz qazigan o‘raga o‘zimiz tushdik”, — deb yozadi tadbirkor.
Korzinka.uz supermarketlari tarmog‘i asoschisi yoz oxirida eksport uchun davlat tomonidan narx belgilanishi bekor qilinganida barchaning yelkasidan tog‘ ag‘darilganini yodga olib, gilos mavsumi qo‘ldan boy berilgan bo‘lsada, nimalarnidir qutqarib qolib, odamga o‘xshab yaxshilab eksport qilingani va qishloq xo‘jalik ishlab chiqaruvchilari yangi mavsumga katta umid bog‘laganini qayd etdi.
Izoh (0)