Kanadada oraliq manzilda uchishga uzoq vaqt ruxsat ololmagan uchuvchi yo‘lovchilar uchun 23 ta pitssa buyurtma qildi. Bu haqda TJournal xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, 4-mart kuni samolyot Torontodan Golifaksga (Yangi Shotlandiya) uchgan. Yomon ob-havo tufayli Frederektonda to‘xtashga majbur bo‘lgan.
Uchuvchilar yo‘lovchilarga pishloqli pepperoni pitssa buyurtirganidan so‘ng, ular samolyotda “bir necha soat” vaqt o‘tkazgan. Restoran menejerining aytishicha, yo‘lovchilar noodatiy buyurtma sabab “tuni bo‘yi kulib chiqqan”. Taom bir soat ichida keltirilgan.
Yo‘lovchilardan birining aytishicha, ular bortda pitssa kelishidan avval sakkiz soat o‘tirgan. Kutish “tang” holatni yuzaga keltirgan bo‘lsa ham, pitssa kelgach, hammaning kayfiyati ko‘tarilib ketgan. Styuardessalar yo‘lovchilarga pitssa tarqatgan.
“Uchuvchi pitssa buyurtmasi butun ekipajning mehnati ekanini hamma bilib qo‘yishini xohlagan. Bortda Air Canada Jazz’dan ikki uchuvchi bor edi. Ular ham pitssa ulashishga yordam bergan”, — deydi yo‘lovchilardan biri.
Bill Karsten ismli boshqa yo‘lovchi esa pitssa buyurtirgan uchuvchi Golifaksga uchishdan oldin samolyotning ichida yurib, hamma narsa joyida ekanligiga ishonch hosil qilganini aytgan. Parvoz davomida ham u yo‘lovchilar bilan doimiy muloqotda bo‘lgan.
Izoh (0)