Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Soliq islohotlari singari muhokama qilingan, qizg‘in munozaralarga sabab bo‘lgan va ashaddiy tortishuvlarni keltirib chiqaradigan mavzular juda kam. Biznesmenlar, iqtisodchilar, mamlakatimizdagi va xorijiy ekspertlar ushbu sohani rivojlantirish yo‘llari to‘g‘risida turli-tuman, ba’zan bir-birini inkor qiladigan fikrlarni bildirmoqda. Faqat bir masalada hammaning fikri bir joydan chiqmoqdа: soliq tizimini o‘zgartirish kerak.

<i>Mubin Mirzayev</i>

Mubin Mirzayev
Foto: “Daryo”

Yangi sharoitlarda ishlab boshlangan dastlabki haftalar va oylarda soliq sohasida qanday muammolar yuzaga keldi? Yaqin istiqboldagi vazifalar va kelgusidagi rejalar qanday? O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi raisining 1-o‘rinbosari Mubin Mirzayev bilan ana shu va boshqa masalalar to‘g‘risida suhbatlashdik.

– Siz bilan uchrashishdan oldin men ijtimoiy tarmoqlardagi o‘quvchilarimdan ularni qiziqtirgan savollarini yuborishlarini so‘radim. Ulardan olingan 33 savolning barchasiga bitta suhbat davomida javob olishning iloji bo‘lmasa-da, ko‘p takrorlangan va umumiy savollarni berishga harakat qilaman. Mana, shunday savollardan biri: soliq savodsizligini ommaviy bartaraf etishni qachon boshlamoqchisiz? Soliq to‘g‘risida munozaralar shuni ko‘rsatyaptiki, ko‘pincha odamlar hattoki bozor va narx belgilanishining eng oddiy tamoyillarini ham bilmaydi, nima uchun soliq to‘lashlari va bu qanday amalga oshirilishini tushunmaydi.

– Haqiqatan ham, biznesmenlarning, shuningdek barcha soliq to‘lovchilarning soliqqa tortish tamoyillarini tushunishlari juda muhim. Tushuntirish ishlarini biz ilgari ham olib borganmiz. Bilasizmi, gap nimada? O‘z vaqtida biz tadbirkorlarni yagona soliqqa o‘tkazib, buxgalterlarni ham, tadbirkorlarni ham “dangasa” qilib qo‘ydik. Umumiy oborotdan 5% to‘laysiz, bo‘ldi. Hech narsani hisoblashning keragi yo‘q, hech qanaqa hujjat to‘ldirmaysiz. Endi esa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi to‘g‘risida farmoni e’lon qilinishi bilan hammasi tubdan o‘zgardi. Bu shubhasiz, ijobiy o‘zgarish.

Biroq buni joylardagi, viloyatlardagi har bir kishiga yetkazish – juda qiyin masala. Bilasizmi, viloyatlarga tashrif buyurganimizda nimani aniqladik? Oddiy qilib aytadigan bo‘lsak viloyatlarda buxgalterlar yo‘q. QQS to‘laydigan 7000 subyekt bor edi. Endi ularning soni 35 mingta bo‘ldi. Soliq to‘lovchilar bazasining kengayishi yaxshi, albatta. Biroq 35 ming subyektda buxgalterlar bormi degan savolga javob yo‘q. Ularning yarmida buxgalterlar yo‘q. Ko‘pincha bitta buxgalter 5-6 ta korxonaning ishini olib boradi.

Hozir Savdo-sanoat palatasi bilan birga shu yo‘nalishda ish olib boryapmiz.

14 viloyatning har birida ishchi guruh tuzildi. Bunday guruhlarning eng asosiy vazifasi – har 10 ta firmaga bittadan soliq mutaxassisi biriktirildi, ular quyidagi muammolarni aniqlaydi: buxgalter bor-yo‘qligi, soliq kodeksining qaysi qoidalari tushunarsiz, hujjatlarni qanday yurgazish kerak.

– Buxgalter bor-yo‘qligi bu masalaning bir qirrasi. Muammoning yana bir jihati shundaki, ko‘pchilik soliq inspektorlarining malaka darajasi yetarli emasligidan shikoyat qiladi.

– Bizda ham ishini juda yaxshi biladigan mutaxassislar bor, biroq, afsuski bugungi kun talabiga javob bermaydiganlari ham bor. Yangicha ishlay olmaydiganlar bundan keyin bizda ishlamaydilar. Shuni qayd etmoqchiman, inspektorlar muntazam ravishda o‘qishadi: ularda har hafta mashg‘ulotlar o‘tkaziladi, har haftalik seminarlarda ishtirok etishadi, uch yilda bir marta DSQ qoshidagi Malaka oshirish markazida o‘qib qaytishadi.

Hozir soliq qo‘mitasida besh yillik harakatlar strategiyasini ishlab chiqyapmiz, unda uzoq muddatli, o‘rta muddatli va yaqin istiqboldagi vazifalar belgilab beriladi. Bu hozir qaysi bosqichda turibmiz-u, besh yilda nimalarga erishmoqchimiz, buning uchun nimalar qilishimiz kerakligini tushunib olishimiz uchun kerak.

Unda butun biznes jarayon batafsil yoritib beriladi: korxonaning butun faoliyati davomida kim va nima uchun javob beradi: korxona tuzilganidan u tugatilguniga qadar kim nima va qanday qilishi kerak. Har bir sohaning egasi bo‘lishi kerak. Butun zanjir: respublika qo‘mitasi, viloyat, shahar va tuman soliq inspeksiyalaridagi har bir mutaxassisning ishini tubdan qayta ko‘rib chiqyapmiz.

– Bizda inspektorlar yetarlimi?

– Ular haddan ortiq. Bugungi kunda soliq tizimiga 11 146 kishi jalb qilingan. Biroq shu narsaga aniqlik kiritib olishimiz kerak: kim nima uchun javob beradi? Hozir biz mamlakatdagi 500 taga yaqin eng yirik soliq to‘lovchilarni alohida guruhga ajratib oldik. Faqat mana shu 500 ga yaqin tashkilot bilan ishlaydigan maxsus inspeksiya tuziladi. Xavflarni boshqarish, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarini aniqlash va ularning oldini olish – bularning barchasi ana shu inspeksiya zimmasida bo‘ladi.

– Soliq inspektori bor. Korxona buxgalteri bor. Ular o‘rtasida muhim bog‘lovchi - buxgalteriya hisobini yurgazishning dasturiy ta’minoti bor. U hozirgi o‘zgarishlarga talab beradimi?

– Rossiyaning Federal soliq xizmatidagi hamkorlarimiz bilan birgalikda biz hozir oddiy, oson tushunarli dastur yaratish ustida ishlayapmiz, bu dastur butun biznes-jarayonni pastidan tepasiga qadar qamrab olishi kerak. Bu birinchidan. Ikkinchidan: barcha vazirliklar va idoralar bilan ishlaydigan integratsiyalangan dastur ham yaratyapmiz.

Xalqaro valyuta fondi bilan soliq organlari tuzilmasi va ishini ratsionalizatsiya qilish ustida ish olib boryapmiz.

Jahon banki bilan soliq savodxonligini oshirish, QQS hisoblash bo‘yicha hamkorlikdagi loyihalarimizni ishlab chiqyapmiz. Juda ko‘p masalalar yig‘ilib qolgan.

Misol keltirishim mumkin. Biz Toshkent viloyatidagi bojxona postlaridan birining ishini o‘rgandik. Shahar tashqarisiga olib chiqib ketilayotgan tovarlarning 86% da hech qanday hujjatlar yo‘qligi aniqlandi. Qolgan 14 % tovarlardagi mavjud bo‘lgan yuk xatlari va hisob-fakturalari ham hech qanaqa talablarga javob bermaydi. Bu nimadan darak beradi: biz aksariyat hollarda hujjatlar bilan ishlashni unutib qo‘ydik.

– Balki maktab, kollej, universitetlarda soliq savodxonligi bo‘yicha darslar, hech bo‘lmaganda “soliq to‘lovchi soati” kiritilishi kerakdir?

– Yaxshi fikr. Hozir xodim uchun soliqlarni ish beruvchi to‘laydi. Agar soliqlarni har birimiz o‘zimiz uchun to‘laydigan bo‘lsak, o‘shanda qancha va nima uchun to‘layotganimizni tushunishga harakat qilamiz. Agar jismoniy shaxs soliqni o‘zi to‘lasa, savodxonlik ham ortadi. Hammasi shaffof va tushunarli bo‘ladi. Biz buni xohlaymizmi yoki yo‘qmi, vaqti kelib shunday bo‘ladi: butun dunyoda shunday qilishmoqda.

Menimcha bu yerda bir nechta muammo mavjud.

Soliq to‘lash tizimidagi o‘zgarishlarning afzalliklarini har bir soliq to‘lovchi e’tiboriga yetkazish kerak. Atayin soliq to‘lashdan bo‘yin tovlaydiganlar bor, albatta. Biroq ko‘pchilik bexabarligi tufayli xatoga yo‘l qo‘yadi. Biz ana shu yo‘nalishda ish olib borishimiz zarur. To‘g‘ri harakatlanish uchun yagona hujjat bo‘lmaganligi tufayli ko‘p yillar ichida yig‘ilib qolgan muammolarni hal qilish kerak.

Bu muammolarni zudlik bilan hal qilishga intilishlarni tushunsa bo‘ladi, biroq buning iloji yo‘q. Bu tizim yangidan o‘qishga majbur qiladi. Konsepsiyani joriy qilish va shunday tushuntirish kerakki, xalq biz to‘g‘ri yo‘ldan borayotganligimizga ishonsin va soliq to‘lashdan qochmasin.

– Muammolar bor. Ularning yechimi bormi?

– Biz bu masalada Jahon bankidan ko‘maklashishni so‘radik. Qanday qilsak bu tartib tushunarli va sodda bo‘ladi? Chunki bizdagi mavjud 1999-yilda ishlab chiqilgan talablar eskirdi, mohiyatini va dolzarbligini ham yo‘qotdi. Biz qaytatdan velosiped ixtiro qilmadik, nima uchun? Biz bu borada rivojlangan mamlakatlar tajribasidan foydalanishga qaror qildik. Masalan Turkiya tajribasi. Jahon banki mutaxassislari fevral oyidayoq bu ishni boshlab yubordi.

– Bu hujjatlarni ishlab chiqishdan maqsad iqtisodni “soya”dan olib chiqishmi?

– Ha, biroq faqatgina biznesni “soya”dan olib chiqish va soliq yig‘imini oshirishdangina iborat emas. Yana korxonalarni shaffof ishlashga o‘rgatish ham kerak. Buning uchun birinchi navbatda bozorning barcha ishtirokchilari uchun bir xil o‘yin shartlari va qoidalarini kiritish talab etiladi. Bir biznesmen soliqlarni to‘laydi, xuddi shu sohadagi boshqasi esa to‘lamaydi, mana shunda noto‘g‘ri raqobat yuzaga keladi. Bunday vaziyatda rivojlanish haqida gap borishi mumkinmi?

– O‘zbekistonda xo‘jalik yurituvchi subyektlar soni qancha?

– Bugungi kunda 400 mingga yaqin biznes subyektlari bor.

– Soliq to‘lovchi jismoniy shaxslarning soni qancha va ularning qanchasi soliq to‘laydi?

– Mamlakatda 13,5 million ishga layoqatli aholi bor. Biroq soliq to‘lovchilar soni 4,5 million. Savol tug‘iladi: qolganlar qayerda? Agar shundan ikki-uch millioni mehnat migrantlari deb faraz qilsak, shunda ham qolgan besh-olti million ishga layoqatli aholi ish haqini “konvertda” oladi, yoki xususiy tadbirkorlik bilan shug‘ullanadi va soliq to‘lamaydi.

Biz uchun eng muhimi: “soya”da ishlayotganlarni asta-sekin ochiq ishlashga chiqarib, qonunlashtirish. Bu bir kunda bo‘lmaydi. Bu anchagina vaqt talab qiladi, hatto ularning bir qismini ochiqchasiga ishlashga olib chiqsak va ular ham soliq to‘laydigan bo‘lishsa, umumiy soliq yuki pasayadi.

– QQS haqida ommaviy axborot vositalarida ko‘p va xo‘p gapirildi, yozildi. Takrorlab o‘tirmayman. Savol quyidagicha: yarim yildan so‘ng biz QQSni 12 %gacha pasaytirishimiz mumkinmi?

– Yarim yilda va hattoki bir yilda ham, afsuski buni aytib bo‘lmaydi. Ammo yaqin ikki-uch yilda aniqlashadi. Oldimizda, bir qarashda, ikkita, bir-birini inkor qiluvchi vazifa turibdi. Iqtisodni legallashtirish va muvozanatga keltirish, budjet xarajatlarini muvofiqlashtirish. Soliq yukini pasaytirish. Biroq, yaqin yillarda QQSni 12 % gacha pasaytirishning iloji yo‘q.

Biroq yana ko‘plab boshqa muammolar ham bor. Boshqa soliqlarni optimallashtirish: ularning sonini kamaytirish, ba’zilarini birlashtirish, ushbu masalani tartibga solish. Ishlab chiqaruvchilarga katta hajmlardagi mahsulotlarni ishlab chiqish imkonini yaratish.

QQS tufayli narxni oshirishga majbur ekanligini ta’kidlayotganlar biroz nohaq. Bu haqiqatdan yiroq. Aslida nima bo‘ldi? Biznesmenlarning bir qismi ishlab chiqarayotgan mahsulotlarining haqiqiy hajmini ko‘rsatmay qo‘ya qolishardi. Ilgari masalan biznesmen 50 ming dollarlik tovar olib kelgan, hujjatda esa besh minglik qilib ko‘rsatgan. Endi bunaqasi o‘tmaydi. QQSning kiritilishi tovar va xizmatlarning butun yo‘lini ko‘rsatishni, hisob-faktura bo‘lishini talab qiladi. Savdo-sotiq bo‘ladimi, ishlab chiqarish bo‘ladimi, farqi yo‘q.

Tovar sotilayotganda uning kelib chiqishi haqida hujjat bo‘lishi lozim. Hammasi ravshan bo‘lib qoldi, shu sababli yashirin daromadlar ko‘rinib qolyapti. Shu sababli ularda narx ham oshdi.

– Narxlarning noqonuniy oshirilgani uchun jarimalarga tortish, jazolash hollari bo‘ldimi?

– Bizning vazifamiz, ayniqsa hozirgi o‘tish bosqichida kimnidir jazolashdan iborat emas. Mana shu olti oy ichida, ishonchim komil, bozor hammasini o‘z o‘rniga qo‘yib qo‘yadi. Biz tushuntirishimiz, xatolarning va kamchiliklarning oldini olishimiz kerak. Shu sababdan tadbirkorlar bilan qancha kerak bo‘lsa shuncha uchrashamiz, o‘qitamiz.

Biroq shu tushuntirishlardan keyin ham qonun buzilishlariga yo‘l qo‘yilsa, unda 1 iyuldan boshlab qattiq choralar ko‘rishni boshlaymiz.

– Soliq qo‘mitasi rahbariyatining tadbirkorlar bilan muntazam uchrashuvlar o‘tkazayotgani, davra suhbatlari va televizordagi chiqishlari tadbirkorlar tomonidan juda yaxshi qabul qilinyapti. Biroq tuman inspeksiyalarida buxgalterlarga: “televizor boshqa, hayot boshqa” – deyishayotgan vaziyatlar ham uchrab turibdi. Soliq kodeksiga rasmiy sharhlar qachon chiqadi?

– Yangi soliq kodeksi Moliya vazirligi bilan hamkorlikda tayyorlanyapti. Biz uni 2019-yil 1-apreliga qadar to‘liq ishlab chiqishimiz kerak. Shundan keyin Kodeks loyihasi muhokamaga qo‘yiladi. Bu oldingidek bo‘lmaydi, Kodeksni to‘rt kishi ishlab chiqib, uni darrov qabul qilinmaydi.

– O‘quvchilar so‘rashyapti, nima uchun soliq kodeksi loyihasini uning ijrochilari yozyapti? Yangi kodeksga odamlar yoki korxonalarning manfaatlarini ko‘zlagan holda emas, balki soliqchilarning nuqtayi nazaridan kelib chiqqan holda yondoshilmaydimi?

– Soliq kodeksini hammayam yozolmaydi, har kim ham yoza olmaydi, bu tushunarli. Hozir Moliya vazirligida Soliq kodeksining loyihasini ishlab chiqishni muvofiqlashtirish bo‘yicha alohida komissiya ishlayapti. Ishchi guruhga bizning mutaxassislarimiz ham kirgan.

Biz bu ishga soliqqa tortish sohasida dunyodagi eng kuchli mutaxassislarni jalb qilishga harakat qildik. Shu jumladan, Jahon bankidan, Xalqaro valyuta fondidan.

Biz bu ishga Rossiya Federatsiyasi Soliq kodeksining va soliq islohotlarining eng muhim mualliflaridan biri, fan doktori Sergey Dmitriyevich Shatalovni jalb qilganmiz. Shatalov ko‘p yillar Rossiyaning moliya vaziri o‘rinbosari bo‘lgan, PriceWaterhouseCoopers (PWC) transmilliy korporatsiyasida ishlagan. Hozirgi vaqtda u – Rossiya Moliya vazirligi soliq siyosati bo‘yicha maslahatchisi.

Aytib o‘tganimdek, yangi Kodeksning loyihasi 1-aprelda muhokamaga qo‘yiladi, bildirilgan o‘zgarishlarni hisobga olgan holda 2019-yil 1-oktabrda qabul qilinadi. Bizning maqsadimiz 2020-yilning 1-yanvaridan O‘zbekistonning barcha soliq to‘lovchilari, tadbirkorlari va soliqchilari qo‘llarida qonunosti hujjatlari maksimal qisqartirilgan, pishiq ishlangan, sodda, ravon, yaxlit hujjatga ega bo‘lishlari kerak. Bunaday kodeks yangicha ishlay olishlari uchun kerak.

Vazifaning murakkabligi shundaki, bugungi kungacha ishlash uchun asos bo‘lib kelgan hujjatlar oddiy soliq to‘lovchilarga ham, biznesmenlarga ham va hattoki soliq organlari xodimlari uchun ham doimo tushunarli emasdi. Hujjatlarda ko‘p narsalar yo‘q.

Qonunni mutaxassis yozishi kerak, qonun taalluqli bo‘lgan boshqa barcha kishilar esa o‘z fikrlarini bildirish imkoniga ega bo‘lishlari kerak. Uning ilgarigisidan farqi, u aniq qilib va oddiy tilda yozilgan bo‘lishi kerak. Shunda hammaga qulay bo‘ladi.

– Bizga shunday savol yuborishgan: soliq qo‘mitasi budjetga soliqlar yig‘ilishidagi mumkin bo‘lgan yo‘qotishlarning o‘rnini qanday qoplashni rejalashtirgan?

– Islohotlarning birinchi oraliq natijalari kuzda ma’lum bo‘ladi. Keling, birinchi oy nimalarni ko‘rsatganini qarab chiqamiz.

Budjetga soliq tushumlari 5,4 trln so‘m (2018-yilga nisbatan 176%).

QQSdan tushumlar 1,4 trillion sumni tashkil qildi (217,5%).

Yuridik shaxslar daromadidan soliq 389,8 mlrd so‘m (228,3%).

Jismoniy shaxslar daromadidan soliq 717,5 mlrd so‘mni tashkil qildi (161,5%).

To‘g‘ri, oson bo‘lmaydi. Biz birinchi chorak rejasiga 17,5 trillion so‘m soliq tushumlarini kiritdik. Ishonchim komil, soliq yig‘ilishi bo‘yicha budjetga kiritilgan reja tadbirkorlikni legalizatsiya qilish, faoliyatni kengaytirish, shu jumladan yangi ish o‘rinlari yaratish yo‘li hisobiga bajariladi.

– Tanlama soliq imtiyozlari haqida savol. Ko‘pchilik bu sog‘lom raqobatga xalaqit beradi deb hisoblaydi.

– Ular haq. Bizga tadbirkorlar tez-tez nosog‘lom raqobat yuzasidan shikoyatlar bilan murojaat qilishadi: “Nima uchun bunga imtiyoz berilgan, bizga esa yo‘q?”. Imtiyoz berishdan keladigan zarar uning foydasidan ko‘ra ko‘proq bo‘lyapti, raqobat muhitini buzib, tadbirkorlik subyektlarining rivojlanishiga to‘sqinlik qilyapti. Biz hozir soliq imtiyozlarini to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazyapmiz. Shundan kelib chiqqan holda, biz ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan, o‘zini oqlagan imtiyozlarnigina qoldiramiz. Joriy yilda sog‘lom raqobatga to‘sqinlik qiluvchi barcha imtiyozlarni maksimal qisqartiramiz, kamaytiramiz va bekor qilamiz va Hukumatga shu haqda taklif kiritamiz. Hozirgi vaqtda hech kimga hech qanday yangi soliq imtiyozlari berilayotgani yo‘q.

– Siz hozir ijtimoiy yo‘nalishlardagi imtiyozlar haqida gapirib o‘tdingiz. O‘zbekiston nogironlar jamiyatidan Oybek Isakov va Farxod Abduraxmanovlarning yozishicha, 2019-yilning yanvaridan nogironlar korxonalari soliq imtiyozlaridan mahrum etilganlar va shu sababli 1-fevralga kelib nogironligi bo‘lgan 1500 shaxs ishdan bo‘shatilgan.

– Biz bu masalani batafsilroq o‘rganamiz. Biz hech qachon nogironlarni ish o‘rinlari bilan ta’minlayotgan ijtimoiy korxonalarga to‘sqinliklar yaratmaymiz. Ularni huzurimizga taklif qilamiz, o‘rganib chiqamiz va nogironlar o‘zlarini ish bilan ta’minlayotgan bo‘lsalar, ularning imtiyozlarini bekor qilmaymiz, aksincha ularga sharoit yaratishga harakat qilamiz.

– Men hamma savollarni berolmadim. Bu yerda turizmdagi vaucherlar haqida, xususiy yo‘lovchi tashuvi uchun patent, umumovqatlanish korxonalari, soliq prognozi haqida va yana bir qancha savollar bor.

– Turizm sohasida vaucher. Bunday zanjir ishlashi uchun Davlat turizm qo‘mitasi va turoperatorlar bilan uchrashib, birgalikda masalani hal qilish kerak.

Taksi uchun patent. Yo‘lovchi va yuk tashuvlari uchun taksistlarga bir kunlik, bir haftalik, oylik va yillik patentlarni joriy qilish haqida takliflar bor. Bu yerda yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash masalasi yuzaga keladi. Toshkentda sinov tariqasida loyiha tayyorlash bo‘yicha topshiriq berdik.

Umumovqatlanish korxonalari. Bu sohada asosiy muammo ilgari tizimda barcha pul oqimlari ko‘rsatilmaganligida deb bilaman. Endi nazorat qattiq bo‘ladi.

Prognozlashtirish yuzasidan savollar ko‘p. Bizning tizim zamonaviy jahon tajribasidan birmuncha orqada. Jahon banki, boshqa moliyaviy institutlar mutaxassislari bilan bir nechta modelni o‘rganyapmiz: qaysi modelni tadbiq qilamiz, qaysi biri to‘g‘ri va kim, qanday mutaxassislar uni joriy qiladi.

– Faraz qiling, sizda hozir 400 ming xo‘jalik yurituvchiga murojaat qilishingiz uchun imkon bor va buning uchun sizga bir daqiqa vaqt beriladi. Sizning ularga aytadigan gaplaringiz?

– Avvalambor tadbirkorlarga bitta iltimosim bor. Belgilangan soliqlarni vaqtida to‘lang. Shunda sizda hech qachon soliq organlari bilan hech qanday muammongiz bo‘lmaydi. Axir bizning maqsadimiz kamchiliklarni topish va jazolash emas. Qadrli tadbirkorlar, biz servis-yo‘naltiruvchi xizmat hisoblanamiz. Biz siz uchun soliq maslahatchisi va yordamchi, biznes hamkor va konsultantmiz.

Biz yordam berishga hamisha tayyormiz. Biz hech bir korxona yopilmasligi, hech bir ishlab chiqish to‘xtamasligi tarafdorimiz. Bu juda mantiqli, chunki bizga soliq bazasi kerak. U qachon bo‘ladi? Qachonki tadbirkorlik va tadbirkorlar rivojlansa, yangi ish o‘rinlari yaratilsa.

Baxtiyor Nasimov, “Daryo” sharhlovchisi

Izoh
Asosiy yangiliklar
Sport
“Chelsi” qishki transferlar oynasida top-4 liga klublari sarflagan jami puldan ham ko‘proq xarajatni amalga oshirdi
Biznes
Toshkent shahrida kvartiralar narxi qanday o‘zgargani tahlil qilindi
Mahalliy
Shavkat Mirziyoyev Bo‘ston tumanida ish o‘rinlarini ko‘paytirish kerakligini aytdi