Qishloq xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Saidkamol Xo‘jayev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Polshada bo‘ldi. Delegatsiya tarkibiga “Xalq banki” va fermer xo‘jaliklari vakillari kirdi. Bu haqda “Daryo”ga vazirlik matbuot xizmati ma’lum qildi.
Polsha qishloq xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Shimon Gizinskiy bilan uchrashuv doirasida agrosanoat sohasida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish rejalashtirildi. Jumladan, tomonlar qishloq xo‘jaligi bo‘yicha qo‘shma ishchi guruh tuzish va joriy yilning birinchi yarmida dastlabki uchrashuvni o‘tkazish bo‘yicha kelishishdi.
Bundan tashqari, Bronisze logistika markazida “O‘zbekiston kunlari” o‘tkazilishi bo‘yicha kelishuvga erishildi. Ushbu formatdagi tadbirning o‘tkazilishi O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining eksport salohiyatini Polshadagi eng yirik savdo platformalaridan birida taqdim etish imkonini beradi. Polsha tomoni O‘zbekistonda yetishtirilgan qovun, gilos va anor mahsulotlarini sotish uchun logistika markazi hududida maxsus maydon taqdim etishga tayyorligini bildirdi.
Tashrif davomida delegatsiya agrosanoat sohasidagi kompaniyalar rahbarlari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi. O‘zbekistonda yaqin kelajakda Milex (tomchilatib sug‘orish), Igloszron (parranda mahsulotlari), Arno (intensiv bog‘dorchilik) kompaniyalari o‘z loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha rejalarini ma’lum qildi.
Polsha savdo-sanoat palatasi bilan O‘zbekiston janubida in-vitro usulida urug‘lik kartoshka yetishtirish bo‘yicha klaster tashkil etish rejalashtirildi.
Izoh (0)