Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

“Daryo” tugayotgan haftada jahon matbuotida eng ko‘p muhokama qilingan mavzularni esga olib o‘tadi.

2019-yilgi Afrika kubogi Misrga 50 ming sayyohni jalb qiladimi?

Foto: Journal Du Cameroun

2019-yili Misrda o‘tkaziladigan Afrika chempionatida Misrni 50 ming sayyoh ziyorat qilishi haqida xabar qiladi “Mustaqil Misr” nashri mamlakat Yoshlar va sport vaziri Ashraf Subhiyning so‘zlariga tayangan holda.

Subhiy nazarida, dunyo bo‘ylab 2,1 milliard odam ishqiboz bo‘lgan Afrika qit’asi futbol chempionatining Misrda o‘tkazilishi mamlakat iqtisodiy jihatdan foyda ko‘rishiga yordam beradi. Vazirning nazarida bunday yirik hajmdagi sport anjumanlari Misr sayyohlik tizimi ham jonlanishiga olib keladi.

Musobaqa uchrashuvlari Qohira, Port Said, Suvaysh, Iskandariya, Ismoiliya va as-Salomda o‘tkazilishini ma’lum qilar ekan, vazir tayyorgarlik avjida ekani, muxlislar, sayyohlar hamda sportchilar uchun barcha sharoitlar yaratilganini qo‘shimcha qildi.

Afrika futbol konfederatsiyasi prezidenti Ahmad Ahmad ham Misr hukumati chempionatni o‘tkazishga har tomonlama tayyorligini ta’kidladi.

Nima ham derdik, barcha futbol ishqibozlarini Misrga taklif qilib qolamiz. Ko‘p bora o‘qigandan bir bora ziyorat etgan o‘n chandon a’lo emasmi?

Afrika qit’asi futbol bo‘yicha chempionlik bahslari 2019-yilning 15-iyunidan 13-iyuliga qadar bo‘lib o‘tadi.

Janubiy Afrikada savodsizlik qisqartilishi mamlakatni xonavayron qiladimi?

Foto: Financial Mail

Janubiy Afrikada chop etiladigan Financial Mail nashri Janubiy Afrika prezidentining millatga murojaatida e’lon qilingan mamlakatda savodsizlik darajasini qisqartirishga qaratilgan ta’lim sohasi islohotlari davlat mablag‘larining isrof etilishidan boshqa narsa emas deb yozadi.

Muammo shundaki, mamlakat moliya vaziri savodsizlikni tugatish uchun har bir maktab o‘quvchisiga alohida planshet sovg‘a qilinishini aytgan. Aslida bu siyosat negizida amalga oshirib bo‘lmas xom reja yotadi. Muallif har bir o‘quvchini planshet bilan ta’minlash savodsizlik urchib yotgan mamlakatda fundamental muammolarni yechim bo‘la olmasligi, bu davlat mablag‘larining o‘zlashtirilishiga tengligi haqida fikr yuritadi. Davlat nega ta’limni rivojlantirish xususida gap ketganda o‘z mablag‘larini “har qanday sharoitda ham biznes rivojlansin” shioriga asoslanib yuritishi darkor, deya so‘roq ostiga oladi.

Har bir bolani zamonaviy planshet bilan ta’minlash, agar bu siyosat o‘qish samaradorligi past va savodsizlik darajasi yuqori bo‘lgan mamlakatda amalga oshirilayotgan bo‘lsa, kaltafahmlik bilan o‘ylangan siyosatning natijasidir.

Bunday besamar, natijasiz siyosat o‘rniga Moliya vazirligi o‘quvchilarning savodxonlik darajasini maqsadga muvofiq tarzda baholashga yordam beradigan siyosatga mablag‘ ajratsa yaxshi bo‘lardi, deyiladi maqolada.

82 yil deganda qor ko‘rgan Las Vegas

Las Vegas xiyobonini qoplagan qor.

Las Vegas xiyobonini qoplagan qor.
Foto: AP

The Guardian nashri tabiatdagi kutilmagan o‘zgarishga diqqat qaratib, AQShning Las Vegas shahrida 1937-yildan buyon hech kuzatilmagan hodisaga urg‘u berdi.

Vegasliklar mana yuz yil deganda haqiqiy qishning ta’mini tatib ko‘radigan bo‘ldi, deb yozadi nashr. Sababi — Las Vegasda 1937-yildan beri birinchi marta qalinligi 7,5 santimetrga yetadigan qor yog‘di.

Milliy ob-havo xizmati shaharning xalqaro aeroportida qor qalinligi 2,5 santimetrga yetgani haqida xabar bergan.

Qor yog‘ishiga qaramasdan, katta yo‘llarda avtomobil qatnovi to‘xtatilmagan va shahar maktablarida o‘qishlar bekor qilinmagan.

Bloklangan internet: davlatlar bundan qancha ziyon ko‘radi?

Foto: Google Photos

The Conversation nashri dunyo bo‘ylab internetning bloklanishi, bloklash uchun sabablar, bloklashning shakllari xususida, shuningdek, bloklash mamlakatlarga qanchaga tushishi borasida qiziqarli maqola e’lon qildi.

Maqolada internet bugungi zamon talabi ekani, ammo, shunga qaramay, ayrim hukumatlar internetni bloklash siyosatini yuritayotgani haqida fikrlar beriladi.

Nashr keltirgan statistik ma’lumotlarga ko‘ra, birgina Hindistonning o‘zida 2016-yil yanvar oyidan 2018-yil may oyigacha internetni bloklashga qaratilgan 154 harakat qayd etilgan. Bu esa juda ko‘pdir, deydi muallif.

Afrika, Osiyo qit’alarida ham internetni bloklash amaliyoti odat tusiga kirgani aytiladi. 2019-yilda internetni bloklovchi davlatlar qatoriga Kongo Demokratik Respublikasi, Zimbabve, Kamerun, Chad, Sudan kabi davlatlar kirdi. O‘tgan 2018-yil davomida Qora qit’ada internet uzib qo‘yilishi bilan bog‘liq 21 holat aniqlangan. Togo, Syerra-Leone, Sudan, Habashiston internetni uzishga qaror qilgan davlatlar sirasiga kiradi.

The Conversation nashrining yozishicha, internetni bloklash asosan uch xil ko‘rinishga ega. Hukumatlar shu uch vajdan birini ko‘rsatib, internetni bloklash amaliyotiga qo‘l uradi. Avvalo, hukumatlar internet barcha platformalarda ishlashini to‘sib qoyadi. Bu esa eng johil, ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy oqibatlar keltirib chiqaradigan holatdir. Bu hukumatni YaIMning kunlik 1,9 foizidan ayiradi. Misol tariqasida aytish joziki, Habashiston internetni bloklagan paytlarda bir kunda 500 000 dollar mablag‘dan ayrilgan holatlar bo‘lgan.

Hukumatlar yana ko‘p qo‘llaydigan internetni bloklovchi usullardan biri ayrim platformalarga kirish imkoniyati to‘sib qo‘yilishidir. Bu bilan ular internet foydalanuvchilarining ayrim saytlarga kirishiga to‘sqinlik qiladi. Bu eng keng tarqalgan amaliyotlardan biri sanaladi. Hukumat bu bilan o‘z fuqarolarining fikrlashi, axborot olishini nazorat qilishga intiladi.

Internetni bloklashning uchinchi usuli “imi-jimida”, “ayyorona” usul deb ham ataladi. Bunda internet provayderlari, uyali aloqa kompaniyalari hukumat ko‘rsatmasiga binoan internet tezligini sustlashtirib qo‘yadi. Bu usul ta’sirida ayrim ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari aziyat chekadi. Natijada internet nazoratga olingan mamlakat fuqarolari vpn xizmatidan foydalanishga majbur bo‘ladi.

The Conversation nashri internet bloklanishi borasidagi fikrlarni xulosalab, bu insonlar erkin axborot olishiga qo‘yilgan to‘siq ekanini ta’kidlaydi.

“O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” brendi Qozog‘istondda mashhur

Foto: Google Photos

“Lsm.kz” internet-nashri 2018-yilda Qozog‘istonga qaysi davlat ko‘proq kiyim-kechak eksport qilgani borasidagi ma’lumotlarni chop etdi.

Qozog‘istonliklar import qilingan mahsulotlar uchun 512,3 million dollar sarflagan.

Qo‘shnilar O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan 10,1 ming tonna kiyim-kechak uchun umumiy 18,4 million dollar sarflagan. 2017-yili Xitoy Qo‘zog‘istonga eng ko‘p kiyim eksport qilgan mamlakat bo‘lgandi. 2018-yilgi ma’lumotlar O‘zbekiston qozoqlarga kiyim-kechak eksport qilish borasida yetakchilikni qo‘lga kiritganini ko‘rsatadi.

Ruslar eksport qilgan tovarlar miqdori 6,2 ming tonna (158,2 million dollar), Turkiya — 4,6 ming tonna (98,5 million dollar), Bangladesh — 1,9 ming tonna (42.9 million dollar), Qirg‘iziston — 1000 tonna (3 million dollar), Eron — 228,7 ming tonna (133,9 ming dollar) mahsulot yetkazib bergan.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
Eron oliy rahnamosi Yevropa davlatlarida Qur’onning yoqib yuborilishiga munosabat bildirdi  
Moliya
2022-yilda O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari rekord darajadagi 17 mlrd dollarga yetdi
Mahalliy
Fotogalereya: O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi tarixiy aloqalar