Bugun,

  • USD 10940.05
  • RUB 182.26
  • EUR 11121.65
Yevropada futbol va uning ommabopligi afrikalik ko‘plab och-nahor bolalarning butun hayot yo‘lini o‘zgartirib yubora oladigan imkoniyatga aylangani ayni haqiqat. O‘z vaqtida kambag‘allikdan aziyat chekkan afrikalik bolalar ayni damda vatanida ham undan tashqarida ham katta millionerlardan hisoblanadi. Futbolda boshlanishiga juda ko‘p mablag‘ talab etilmaydi. Oyoqqa mos keladigan poyabzal va tepishga yaraydigan bitta to‘p bo‘lsa kifoya. Qolgani esa mehnat, ijodkorlik va fantaziya bilan bitadigan ishlar. Barcha afrikalik futbolchilarga ham millionerlik nasib etavermaydi. Ammo ularning har biri mamlakati sporti uchun munosib hissa qo‘sha olgani ham bor gap. Quyida Afrika futboli tarixida o‘z o‘rniga ega, moddiy hayotda ham “yo‘qolib” qolmagan 10 nafar futbolchi haqida so‘z yuritamiz.

10. Salli Muntari — 5 million dollar

Foto: Google Images

Foto: Google Images
Ayni damda 34 yoshni qarshilagan Salli Muntarining futbolchilik faoliyati klublarga “boy” bo‘ldi. Uning birinchi professional klubi Italiyaning “Udineze” bo‘lgandi. Salli ajoyib o‘yinlari orqali Udine jamoasida o‘zi uchun yorqin kelajakni kafolatlay oldi. 2007-yilda Muntari uchun “Portsmut” klubi 10,5 million yevro to‘lashga qo‘rqmadi. Ammo bu ganalik uchun chegara bo‘lib qolmadi. Oradan bir yil o‘tib, “Inter” Muntarini Italiyaga qaytarish uchun 14 million yevroning bahridan o‘tdi. Shundan so‘ng uning karyerasida chinakam “sayohatlar” boshlandi. Orada “Sanderlend”, “Milan”, “Al-Ittihod”, “Peskara” va “Deportivo” kabi klublarda faoliyat olib bordi. 2018-yil aprelidan beri rasmiy o‘yinlarda ishtirok etmagan futbolchi qishki transferlar vaqtida Ispaniyaning “Albasete” klubi bilan shartnoma imzolashning uddasidan chiqdi. Tahlilchilar bahosiga ko‘ra, Salli hozirga qadar 5 million dollar miqdorida boylik jamg‘arishga ulgurgan.

9. Kristofer Samba — 7 million dollar

Foto: Google Images

Foto: Google Images
Kongo terma jamoasida to‘p suruvchi Kristofer Samba Fransiyada tug‘ilib o‘sgan. Futbolchilik faoliyatini ham faranglar diyorida boshlagan. Ammo o‘zini ko‘rsatish va tanilish imkoniyatini Angliyada, aniqrog‘i, “Blekbern” klubida qo‘lga kiritgan. Kristofer vaqtida APLning o‘tib bo‘lmas “devor” himoyachilaridan biri hisobalanardi. 2012-yil fevralida Maxachqal’aning “Anji” klubi Samba uchun ingliz klubiga 14 million yevro to‘ladi. Ammo oradan bir yil o‘tib, KPR (Kuinz Park Reynjers) jamoasi Kristoferni 1 million yevro qimmatroqqa APLga qaytardi. Samba faoliyati davomida birorta sovrinni qo‘lga kirita olmadi. Uning so‘nggi klubi “Aston Villa” edi. Samba klubni yozda tark etdi. Shundan beri u klubsiz. U 34 yoshida erkin agent sifatida klub izlashda davom etmoqda. Sambaning moliyaviy holati ayni damda 7 million dollarga baholanmoqda. U bu mablag‘larning asosiy qismini Rossiyadagi faoliyati orqali to‘plashga erishgan. Uzun quloq gaplarga ko‘ra, uning “Anji”dagi maoshi haftasiga 150 ming dollar miqdorida bo‘lgan.

8. Seydu Keyta — 10 million dollar

Foto: Google Images

Foto: Google Images
Kelib chiqishi Malidan bo‘lgan Seydu Keyta taqdir taqozosi bilan 17 yoshida “Marsel” akademiyasida paydo bo‘lgan. Futbolchining gullagan davrlari esa “Lans” hamda “Barselona”da o‘tdi. 2008-yilda Kataloniya klubi Keyta uchun “Sevilya”ga 14 million yevro to‘laydi. Seydu bu mablag‘larni to‘liqligicha oqlagan. Uning “Barselona”dagi statistikasiga bir qarang: 188 ta o‘yin, 22 ta gol. Faoliyatining so‘ngida (ungacha Xitoy, Ispaniya va Italiya klublarida ham o‘ynadi)Keyta neft va pul oqib turadigan Qatarga borishga qaror qildi. U yerda Seydu “Al-Jaish” sharafini himoya qilib, nafaqaga chiqishdan oldin yetarlichga mablag‘ jamg‘arishning uddasidan chiqdi. 1,5 yildan beri futbol o‘ynamayotgan Keytaning moliyaviy holati 10 million dollarga baholangan. Bu esa uning Afrikaning “boyvachcha” futbolchilardan iborat top-10 ligiga kirishga zarracha to‘sqinlik qilayotgani yo‘q.

7. Asamoa Gyan — 23 million dollar

Foto: Google Images

Foto: Google Images
Akkrada (Gana poytaxti) tug‘ilgan Asamo Gyan yuqorida tilgan olingan Salli Muntari singari juda erta “Udineze”da paydo bo‘lgan. U 2008-yilda Udinedan 8 million yevro evaziga “Renn”ga yo‘l oladi. Oradan 2 yil o‘tib Asamoa Fransiyadan 2 baravar qimmat mablag‘ evaziga “Sanderlend”ga o‘tadi. Ammo u Yevropadagi faoliyati davomida katta yutuqlarga erisha olmadi. Ammo BAAga yo‘l olgan ganalik futbol yulduzi “Al-Ayn” bilan 3 marta mamlakat chempioni bo‘lishga erishdi. Orada esa yulduz futbolchilar uchun jannatmakon yurtga aylangan Xitoyda ham to‘p surishga erishdi. U “Shanxay SIPG”da faoliyati orqali yetarlicha mablag‘ jamg‘arishga erishdi. 33 yoshli Gyan ayni damda “Qayserispor”da faoliyat olib bormoqda. Futbolchining boyligi esa 23 million dollarga baholanmoqda. Bu mablag‘ nafaqat unga, balki farzandlarining ham juda yaxshi yashashiga yetishiga shubha yo‘q.

6. Jon Obi Mikel — 30 million dollar

Foto: Google Images

Foto: Google Images
Nigeriya futboli tarixidagi eng omadli futbolchilardan biri — Jon Obi Mikeldir. U faoliyatining eng yaxshi yillarini Londonning “Chelsi” klubida o‘tkazdi. Jon “aristokratlar” bilan birga 2 bora Angliya chempioni bo‘ldi. 4 marta Angliya Kubogi, 1 bor esa Chempionlar Ligasi g‘olibligini qo‘lga kiritdi. 2017-yil yanvarida bo‘lsa, Jon ham “soqqa qilish” uchun Xitoyga yo‘l oldi. 2 yil vaqtini “Tyanszin Teda” klubida o‘tkazdi. Yetarlicha jamg‘arga ega bo‘lgan 31 yoshli Mikel qishki transferlar vaqtida Angliyaga qaytib, “Midlsboro” bilan shartnoma imzoladi. Ma’lum bo‘lishicha, nigeriyalik futbolchi Xitoyda haftasiga 200 ming yevro maosh olgan. Bu esa uning bu ro‘yxatga bejiz kirmaganligiga asosiy sabab. Uning boyligi 30 million dollarga baholangan.

5. Maykl Essien — 35 million dollar

Foto: Google Images

Foto: Google Images
Ko‘plab afrikalik futbolchilar singari Maykl Essien ham faoliyatini Fransiyada boshlagan. Keyin esa “Chelsi”ning topqir skautlari Mayklni payqab qolgan vaqtdayoq, Londonga olib kelishadi. “Chelsi” Essien uchun 2005-yil yozida “Lion”ga 38 million yevroni qurtdek sanab beradi. Maykl bu pullarni o‘zining ajoyib o‘yinlari va uzoqdan urgan gollari orqali to‘la oqlab berdi. Faoliyati davomida Maykl yana ikki top-klub —  “Real” va “Milan”da ham o‘ynadi. Bundan tashqari taqdir uni hattoki Indoneziya chempionatiga olib bordi. U “Persib Bandung” klubida 1 yil mobaynida to‘p surdi. Ayni damda 36 yoshli ganalik futbolchi birorta klub a’zosi emas. Katta ehtimol bilan u faoliyatini yakunlaydi. Bunga uning moliyaviy holati ham imkon beradi. Mayklning boyligi 35 million yevroga tengligi aytilmoqda.

4. Emmanuel Adebayor — 45 million dollar

Foto: Google Images

Foto: Google Images
Togo terma jamoasi tarixidagi eng yaxshi to‘purarning boyligi 45 million dollarga baholangan. Adebayor hamon boyligini oshirish bilan band. U hozir 34 yoshda, ammo shunga qaramay Turkiyaning “Bashakshehir” klubida to‘p surishda davom etmoqda. Emmanuel ham ne ajabki, professional faoliyatini Fransiyada boshlagan. O‘zining ajoyib o‘yinlari sabab APLga ko‘chib etadi. Tumanli Albionda esa “Arsenal”, “Manchester Siti”, “Tottenhem” hamda “Kristal Pelas” klublarida faoliyat olib bordi. Orada esa “Real Madrid”da ham to‘p surib ko‘rdi. U o‘z jamg‘armasining asosiy qismini “Manchester Siti”dagi faoliyati orqali to‘plagan. Adebayor “shaharliklar” safida haftasiga 270 ming dollar ishlab topgan.

3. Yaya Ture — 70 million dollar

Foto: Google Images

Foto: Google Images
Faoliyatini Belgiyada boshlagan Yaya Ture u yerda Ukrainaning “Metallurg” klubiga yo‘l olgan. Keyin esa 2007-yilda “Barselona” a’zosiga aylangan. 2010-yil yozida bo‘lsa, 30 million yevro evaziga “Manchester Siti”ga o‘tgan. Aynan “shaharliklar” safida Yaya Ture har tarafdan muvaffaqiyatga erishdi. U orada 4 bor Afrika qit’asining eng yaxshi futbolchi sifatida e’tirof etildi. 35 yoshga kirgan Ture hamon faoliyatini yakunlagani yo‘q. Biroq 2018-yil dekabrida “Olimpiakos” bilan shartnomasini bekor qilgach klubsiz yuribdi. Yaya faoliyati davomida juda ko‘p pul ishlab topdi. Ammo tahlilchilar uning boyligini ayni chog‘da “atigi” 70 million dollarga teng deb baholamoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, “Siti”dagi sakkiz yillik faoliyati davomida Ture haftasiga 230 ming dollar maosh olgan.

2. Didye Drogba — 90 million dollar

Foto: Google Images

Foto: Google Images
Afrika qit’asining eng mashhur futbolchilaridan biri Didye Drogba Londonning “Chelsi” klubida haqiqiy afsonaga aylandi. U 2004-yilda “Marsel”dan London klubiga 38,5 million yevro evaziga ko‘chib o‘tadi. “Aristokratlar” safida 381 ta o‘yin o‘tkazib, 164 ta gol urib, klub tarixidan munosib o‘rin oldi. Drogba Afrika qit’asining 2 marta eng yaxshi o‘yinchisi sifatida e’tirof etilgan. 4 marta Angliya chempionatining oltin medallarini qo‘lga kiritdi. Shu bilan birga 1 bor Chempionlar Ligasida g‘olib bo‘ldi. Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Drogba “Chelsi”da haftasiga 120 ming dollar maosh olgan. Didye 2012-yilda ko‘plab qit’adoshlari kabi Xitoyga yo‘l oladi. U yerda “Shanxay Shenxua” sharafini himoya qilish orqali haftasiga 250 ming dollar topadi. U faoliyatini o‘tgan yili Kanadaning “Finiks Rayzing” klubida yakunladi. Drogba mazkur klubning aksiyadorlaridan biri hisoblanadi. Futbolchining faoliyati davomida to‘plgan kapitali 90 million dollarni tashkil qiladi.

1. Samuel Eto’O — 95 million dollar

Foto: Google Images

Foto: Google Images

Reytingning yuqorisidan esa Kamerun terma jamoasining sobiq futbolchisi Samuel Eto’O o‘rin olgan. U faoliyati davomida qit’aning 4 marta eng yaxshi futbolchisi deb topilgan. Yevropadagi faoliyati davomida “Real”, “Barselona”, “Inter” va “Chelsi” kabi klublarda to‘p surdi. Ma’lum bo‘lishicha, futbolchi Maxachqal’aning “Anji” klubida yiligida 25 million dollar maosh olgan. Ayni damda 37 yoshli kamerunlik “Qatar” klubida faoliyat olib bormoqda. Eto’Oning boyligi 95 million dollarga baholangan.

FootballHD’dan Asror Abdunazarov tarjimasi

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
“Afg‘oniston iqtisodiyotini tiklash xalqaro hamjamiyatning umumiy ustuvor yo‘nalishi bo‘lishi kerak” — Vladimir Norov
Dunyo
Irlandiyadagi qamoqxonada “buyuk qochish”, sakkiz soatli ish rejimini qo‘llagan Genri Ford va qon quyish bo‘yicha birinchi muvaffaqiyatli amaliyot. Kun xronologiya...
Mahalliy
Foto: Dubay—Namangan—Dubay yo‘nalishida muntazam aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yildi