Joriy yilning 1-yanvar kuni soat taxminan 18:40 atrofida Jomboy-Bulung‘ur temir yo‘l bekatlari oralig‘ida “Afrosiyob” tezyurar poyezdi 39 yoshli ayolni urib yuborgan.

Foto: Talgo

“Daryo” muxbiri Farhod Norbo‘tayevning Samarqand viloyati IIB transportda jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘limidan olgan ma’lumotiga ko‘ra, voqea Jomboy–Bulung‘ur temir yo‘l bekatlari oralig‘ining 3703-kilometrining 3-piketida (1 piket 100 metr) Qarshi–Samarqand–Toshkent yo‘nalishida harakatlangan 759-sonli “Afrosiyob” elektropoyezdi Jomboy tumanining “So‘xmon” mahallasi hududidan o‘tayotganida sodir bo‘lgan.

Hodisa Jomboy tumani “Quduqli” mahallasida yashovchi Sh.A. ismli ayol temir yo‘lni belgilanmagan joydan kesib o‘tayotganda urib yuborgan. Og‘ir tan jarohati olgan ayol voqea joyida vafot etgan.

Ayolning o‘limi baxtsiz hodisa deb topilgani uchun ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi ochilmagan.

Eslatib o‘tamiz, 5-yanvar kuni Nukusda qulog‘ida naushnik bo‘lgan o‘smirni poyezd bosib ketgan edi.