O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Respublika “Yoshlar turizmi agentligi” va “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Bo‘stonliq tumani Kengashi bilan hamkorlikda Samarqand viloyatida “Biz buyuk davlat quruvchilarning avlodlarimiz” mavzusida konferensiya o‘tkazildi. Bu haqda “Daryo”ga tadbir tashkilotchilari xabar berdi.
Tadbirda keng jamoatchilik vakillari, O‘zbekistonning barcha hududlaridan tashrif buyurgan ming nafarga yaqin iqtidorli, faol yoshlar qatnashdi.
Konferensiya davomida yigit-qizlar uchun Samarqand viloyati bo‘ylab sayohat uyushtirildi. Shuningdek, estrada yulduzlari ishtirokida konsert dasturlari, badiiy chiqishlar va milliy hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Qizg‘in bahs-munozaralarga boy va ochiq muloqot tarzida kechgan tadbirda yoshlar tomonidan berilgan savol hamda muammolarga mutasaddilar aniq javoblar berdi. Anjuman davomida Respublika “Yoshlar turizmi agentligi” va “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi o‘rtasida doimiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha memorandum imzolandi.