2019-yil 28-yanvar kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Nurota tuman sudining ochiq sud majlisi o‘z binosida sudya Z.Ibragimov raisligida sudlanuvchilar — H.Komilov, B.Isayev va I.Norovga (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqdi, deb yozadi O‘zA.
Sudlanuvchi H.Komilov Nurota tumani, Oqqula qishlog‘ida istiqomat qilib, o‘zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish maqsadida oldindan tanish bo‘lgan B.Isayev bilan til biriktirib, B.Isayevning amakisi Sh.Isayevga tegishli bo‘lgan jami 131 bosh mayda shoxli molni Nurota tumani, Pismoncha tog‘ida qarovsiz qoldirilganligidan foydalanib, 2018-yil avgust oyining o‘rtalaridan 2018-yil sentabr oyining oxiriga qadar besh marotaba yashirin ravishda Qiziltepa va Karmana tumani hududidagi mol bozorlarga sotib yuborgan va pullarini o‘zlarining ehtiyoji uchun ishlatgan.
Lekin yengil yo‘l bilan boylik orttirish yoqib qolgan B.Isayev o‘ziga oldindan tanish bo‘lgan I.Norovni ham jinoyat ko‘chasiga yetaklaydi.
2018-yil 25-oktabrdan 26-oktabrga o‘tar kechasi B.Isayev I.Norov bilan oldindan o‘zaro jinoiy til biriktirib, Nurota tuman “Qizilcha“ MFYda yashovchi A.Ilyosovning jami 53 bosh mayda shoxli molni va har biri 400 ming so‘mdan bo‘lgan 2 bosh echkini Nurota tumani, “Qizilcha” MFY, “Konsoy” darasida qarovsiz qoldirilganligidan foydalanib, Qiziltepa tumanidagi mol bozorda sotib yuboradi va pullarini o‘zining ehtiyoji uchun ishlatadi.
Sud ish hujjatlarni atroflicha o‘rganib chiqib, jabrlanuvchilarga yetkazilgan zarar qoplanganligi, sudlanuvchilarning qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini hisobga olib, ularga ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan, ya’ni ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi va sud zalidan qamoqdan ozod qilindi. I.Norovga nisbatan esa axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.
Izoh (0)