Shu yilning o‘zida sodir bo‘layotgan uchinchi magnit bo‘roni 1-fevralga o‘tar kechasi sodir bo‘ldi. Uning chastotasi 20-fevral kuni bo‘ladigan geomagnit bo‘ronni taxmin qilishga imkon berdi. Bu haqda “TASS” xabar qildi.
“Bu yil uchinchi bor kuzatilayotgan kuchsiz magnit bo‘ron 2019-yil 1-fevral kuni, Moskva vaqti bilan tungi soat bir va ikki orasida qayd etildi. Voqea besh balli shkaladagi eng past, birinchi toifaga tegishli bo‘lib, geomagnit vaziyatda yoki sun’iy yo‘ldosh tizimlarining ishlashida sezilarli o‘zgarishlarga olib kelmasligi kerak,” — deya yozadi P.N. Lebedev nomli Fizika instituti Quyosh astronomiyasi rentgen laboratoriyasi o‘z saytida.
Avvalgi ikkita bo‘ron 5 va 25-yanvar kuni bo‘lgan.
Laboratoriya ma’lumotlariga ko‘ra, 5-yanvar va 1-fevral kunlari sodir bo‘lgan bo‘ronlar orasidagi vaqt 27 kun bo‘lib, Quyoshning o‘q atrofida aylanish davriga teng.
“Keyingi bo‘ron qachon sodir bo‘lishini bashorat qilish qiyin emas, buni amalga oshirish uchun biz 25-yanvarga 25 kunni qo‘shishimiz kerak, bu 20-fevral sanasiga to‘g‘ri keladi. Aynan shu kuni keyingi geomagnit bo‘ron sodir bo‘lishi bashorat qilindi,” — deyiladi xabarda.
Laboratoriya olimlari mart oyidagi bo‘ronlarning muddatini ham taxmin qildi: birinchi bo‘lib 28-fevral va 1-mart kuni, keyingilari 19—20-mart kunlari bo‘lib o‘tadi.
Izoh (0)