Adliya vazirligi tomonidan 15-fevralga qadar butun Respublika bo‘ylab tashkil etilayotgan manzilli targ‘ibot tadbirlarining maqsadi fuqarolar, davlat tashkilotlari xodimlarining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, ularga qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini tushuntirishdir. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
Bunda, targ‘ibot tadbirlari ikki yo‘nalishda tashkil etilmoqda.
Birinchi yo‘nalishda Xalq ta’limi vazirligi, Qurilish vazirligi, “Davergeodezkadastr” qo‘mitasi hamda Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi va ularning hududiy tuzilmalarida ishlovchi xodimlarga soha faoliyatiga oid qonunchilik mohiyati yetkazilishi bilan bir qatorda ularning mehnat va boshqa huquqlari ham tushuntirilmoqda.
Ikkinchi yo‘nalishda esa turli aholi toifalari yoshlar, tadbirkorlar, uy bekalari, pensionerlar, mehnat migrantlari orasida tegishli qonun hujjatlarining mazmunini yetkazish bilan bir qatorda ularning qonun hujjatlaridan xabardorlik darajasi ham monitoring qilib borilmoqda.
Shu maqsadda, vazirlikning malakali mutaxassislari, tajribali pedagog-professorlardan iborat tarkibda maxsus ishchi guruh tuzildi.
Manzilli targ‘ibot tadbirlarini tashkil etishda qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati va ahamiyatini yetkazishda ko‘rgazmali materiallardan foydalanish, sxematik ifodalashni qo‘llashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bundan tashqari, tadbirlar davomida huquqiy targ‘ibot sohasiga mas’ul xodimlarga manzilli huquqiy targ‘ibot tadbirlarini amalga oshirish bo‘yicha mahorat darslari o‘tkaziladi, ularga tegishli yo‘l-yo‘riqlar beriladi.
Hozirda Toshkent shahri, Sirdaryo, Navoiy, Farg‘ona viloyatlarida manzilli targ‘ibot tadbirlari boshlab yuborildi.
Izoh (0)