Habib Nurmagomedov murabbiyi Rizvon Magomedovning so‘zlariga ko‘ra, sportchi jamoasi a’zolari — Abubakar Nurmagomedov va Zubayra Tuxugovning diskvalifikatsiya muddati tugamaguncha u UFC’da jang qilmaydi.
Eslatib o‘tamiz, Abubakar va Zubayrani 1 yilga chetlatish borasidagi qarorni Nevada shtati Atletika komissiyasi qabul qilgandi.
“Abubakar va Zubayraning diskvalifikatsiya muddati tugamaguncha Habib jang qilmaydi”, — deydi Magomedov “Sport24”ga bergan intervyusida.
2018-yilning 6-oktabrida Las-Vegasda bo‘lib o‘tgan jangda Habib Nurmagomedov irlandiyalik Konor Makgregorni mag‘lub etgandi.
Jangdan so‘ng rossiyalik jangchi oktagondan sakrab tushadi va irlandiyalik yordamchisi Dillon Denis bilan mushtlashadi. Shu vaqtning o‘zida Abubakar Nurmagomedov hamda Zubayra Tuxugov oktagonga chiqadi va Makgregor bilan janjal uyushtiradi.
Natijada Abubakar va Zubayra bir yilga janglardan diskvalifikatsiya qilindi va 25 ming dollar miqdorida jarima to‘laydi. Makgregor 6 oyga chetlatildi va 50 ming dollar jarima puli to‘laydigan bo‘ldi.
Habib Nurmagomedov esa 9 oy oktagonga ko‘tarilmaydi va 500 ming dollar miqdorida jarima puli to‘laydi. Agar Nurmagomedov bezorilikka qarshi qaratilgan ijtimoiy rolikda qatnashsa, diskvalifikatsiya muddati 6 oyga qisqarishi mumkin. Rizvon Magomedovning aytishicha, Habib bunga rozi bo‘lmagan.
Barcha diskvalifikatsiyalar muddati 2018-yil 6-oktabrda sodir bo‘lgan janjal kunidan boshlab hisoblanadi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)