O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) taklifiga binoan Rossiya Federatsiyasining Inson huquqlari bo‘yicha vakili Tatyana Moskalkova boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga keldi. Tashrif doirasida 16-yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ikki mamlakat Ombudsmanlari hamkorligiga bag‘ishlangan xalqaro davra suhbati tashkil etildi, deb yozadi O‘zA.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari Narimon Umarov, Inson huquqlari bo‘yicha vakil Ulug‘bek Muhammadiyev, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov va boshqalar delegatsiya a’zolarini mamlakatda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar mazmuni bilan tanishtirdi.
Rossiya Federatsiyasining Inson huquqlari bo‘yicha vakili Tatyana Moskalkova jahonda inson huquqlari sohasida yuzaga kelayotgan muammolarni tilga olib, O‘zbekiston ana shunday vaziyatda nafaqat ichki, balki tashqi siyosatda inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash ishlariga tizimli yondashayotganini ta’kidladi.
Tadbir yakuni bo‘yicha tomonlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi. Mazkur hujjat fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqish, axborot-tahliliy va huquqiy materiallar almashish, inson huquqlari sohasidagi xalqaro tajriba va ilg‘or ishlanmalarni o‘rganish, xalqaro tashkilotlar va forumlar doirasida konferensiyalar, seminarlar va davra suhbatlari tashkil etishni nazarda tutadi.
T.Moskalkova Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddinjon Ismoilov bilan ham uchrashdi. Muloqotda tomonlar aloqalarni rivojlantirish imkoniyatlari, jumladan, mehnat migratsiyasi va shartnomaviy-huquqiy bazani takomillashtirish masalalari bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib oldi.
Rossiya Federatsiyasining Inson huquqlari bo‘yicha vakili T.Moskalkova boshchiligidagi delegatsiya shu kuni Oliy Majlis Senati Raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev bilan uchrashdi.
Rossiya delegatsiyasi 17-yanvar kuni Samarqand viloyatiga tashrif buyurib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasi faoliyati bilan tanishadi.
Izoh (0)