Berlin shahrida 15-yanvar kuni “Buyuk ipak yo‘li merosi — O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi ko‘prik“ mavzusidagi xalqaro ilmiy-madaniy forum boshlandi. Bu haqda “Daryo”ga O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Foto: O‘EOAVMA matbuot xizmati

Tadbir Prezident Shavkat Mirziyoyevning Germaniyaga rasmiy tashrifi oldidan tashkil etildi.

Forum doirasida O‘zbekistonning Berlindagi elchixonasida “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida“ loyihasining kitob-albomlari ko‘rgazmasi ochildi.

Prezident so‘zboshisi bilan boshlangan “O‘zbekiston madaniy merosi Germaniya to‘plamlarida“ kitob-albomi taqdimoti barchaning e’tiborini tortdi. Ushbu nashr zamonaviy multimedia texnologiyalaridan foydalangan holda tayyorlangan. Nafaqat o‘qish, balki smartfon orqali maxsus tayyorlangan videolavhalarni 3 tilda tomosha qilish hamda osori-atiqalarni 3D ko‘rinishida o‘rganish imkonini beradigan ilk ilmiy-ommabop kitob sifatida O‘zbekiston noshirligi tarixidan joy oladi.

Tadbir doirasida Germaniyaning yetakchi olim, ekspert, san’atshunoslari Berlin, Drezden, Leypsig va Shtutgart shaharlari muzeylarida saqlanayotgan o‘zbek san’atiga oid to‘plamlar to‘g‘risida so‘zlab berdi. Ular orasida Berlin etnologiya muzeyida saqlanayotgan Buxoro amirligi to‘plami, Gamburgdagi Manzarali-amaliy san’at muzeyidagi Bayonqulixon maqbarasi ashyolari, Berlin davlat kutubxonasida saqlanayotgan Alisher Navoiy asarlari qo‘lyozmalari, Bumiller to‘plamiga kiruvchi O‘zbekiston madaniy-tarixiy merosi namunalari, shuningdek, Shtutgartdagi Linden muzeyining Sharqiy bo‘limida saqlanayotgan noyob to‘plam ham bor.

Foto: O‘EOAVMA matbuot xizmati

— O‘zbekiston madaniy merosining katta qismi ayrim tarixiy sabablarga ko‘ra xorijga chiqib ketgan. O‘zbek san’atining ajoyib to‘plamlari Berlin, Drezden va Leypsig muzeylarida saqlanmoqda. Masalan, Germaniyaning eng ko‘p tashrif buyuriladigan Peram muzeyida Buyuk ipak yo‘li markazida joylashgan qadimgi shahriston — Afrosiyobning butun dunyoga mashhur sopol buyumlari kabi bebaho durdonalar mavjud. Germaniya milliy kutubxonasida jahon sivilizatsiyasiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimiz qalamiga mansub noyob qo‘lyozma kitoblar saqlanmoqda. Shu sababli nemis hamkasblarimiz bilan imkoniyatlarni birlashtirib, madaniy merosimizning ham O‘zbekistonda, ham Yevropada o‘rganilishiga yangi sur’at bag‘ishlaydigan ushbu kitobni yaratdik, — deydi “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida“ loyihasi muallifi va rahbari Firdavs Abduxoliqov.