O‘zbekistonda so‘nggi uch yil ichida kuzgi—qishki isitish mavsumida sodir bo‘layotgan favqulodda vaziyatlarning aksariyati is gazidan zaharlanish holatlari bilan bog‘liq, deb yozadi O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining matbuot xizmati.
Is gazi (SO) rangsiz, hidsiz zaharli birikma bo‘lib, tabiiy gaz, yoqilg‘i, ko‘mir, o‘tin cho‘g‘lari to‘liq yonmasligi oqibatida hosil bo‘ladi. Tutun tarkibida 3 foiz, ishlangan gazda 13 foiz, portlovchi gazlar tarkibida esa 50—60 foizgacha is gazi bo‘ladi.
Is gazidan shamollatish tizimi yaxshi ishlamaydigan organik moddalarni ishlab chiqaradigan korxonalarda, avtoulovlar turar parklarda, yangi bo‘yalgan va shamollatilmagan xonalarda, shuningdek uy sharoitlarida tabiiy gaz chiqib turganda va pechka bilan isitiladigan uylar, hammomlarda, dam olish palatkalarida yonuvchi moddaning to‘liq yonmasligi natijasida zaharlanish mumkin.
Is gazi organizmga nafas a’zolari orqali ta’sir etadi. Ushbu gaz gemoglobin bilan kislorodga nisbatan 300 marotaba kuchli birikma — karboksigemoglobin hosil qiladi. Oqibatda gemoglobinning to‘qimalarga kislorod tashish xususiyati keskin pasayib, gipoksiyaga, og‘ir holatlarda esa — anoksiyaga olib kelishi hamda shu tariqa inson hayotdan ko‘z yumishi mumkin.
Tahlillarga ko‘ra, is gazidan zaharlanish holatlarining aksariyati quyidagi sabablarga ko‘ra yuzaga kelmoqda:
Fuqarolar tomonidan gaz va muqobil yoqilg‘i (ko‘mir, o‘tin va boshqa) turlaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga rioya etmaslik;
Nostandart (qo‘lbola yasalgan) yoki sertifikatga ega bo‘lmagan isitish pechlari va anjomlaridan foydalanish;
Isitish pechlarining dudburonlarini noto‘g‘ri o‘rnatish;
Gaz yoki boshqa muqobil yoqilg‘iga moslashtirilgan isitish pechlari hamda suyultirilgan uglevodorod gaz balonlarini (anjomlari)ni dam olish (uxlash) xonalariga olib kirish;
Havo almashmaydigan xonalarni isitishda ochiq olov (ko‘mir va o‘tin cho‘g‘lari) dan foydalanish;
Havoni almashtiruvchi shamollatish shaxtalari yoki tuynuklarni berkitib (to‘sib) qo‘yish.
Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan sabablarga ko‘ra isitish uchun foydalanilayotgan yoqilg‘i (gaz, ko‘mir, o‘tin va boshqa)ni chala yonishi natijasida is gazi hosil bo‘ladi.
Yuqoridagi sabablarning kelib chiqishiga yo‘l qo‘ymang. Is gazidan zaharlanishdan ogoh bo‘ling.
Izoh (0)